Jumladan, Fargʻona viloyati hokimi X.Bozarovning joriy yil 17-iyul kungi Fargʻona tumani Xosilot mahalla fuqarolar yigʻini Toshtepa qishlogʻidagi mavjud muammolarni bartaraf etish boʻyicha chora-tadbirlar dasturiga muvofiq, ushbu hududdagi 6-umumtaʼlim maktabi bitiruvchilarini oliy taʼlim muassasalariga oʻqishga kirishlari uchun tayyorgarlik koʻrishlari masalasi chuqur oʻrganib chiqildi.

Maʼlumki, ushbu maktab anklav hududda, tumanning togʻli past tekisliklarida joylashgan. Taʼlim muassasasida kadrlar yetishmasligi, internetdan foydalanish imkoniyati yetarli emasligi, pandemiya sharoitida oʻquv jarayonlari uzoq muddat davom etmaganligi bois, hozirgi kunda oliy taʼlim olish istagida boʻlgan bitiruvchilar universitetning maʼnaviy koʻmagiga muhtoj.

Ushbu vaziyatni chuqur oʻrgangan universitet rektori B.Shermuhammadov qabul davomida bitiruvchilarning har biri, ularning ota-onasi va maktab direktori bilan alohida suhbatlashdi. Suhbat jarayonida maktabda taʼlim sifati, oʻquv va badiiy adabiyotlar bilan taʼminlaganligi, maʼnaviy faoliyat, chet tillarining oʻqitilish darajasi, axborot kommunikatsiya, internet tizimi holati ham batafsil oʻrganib borildi.

Rektor bitiruvchilarning ota-onalari bilan suhbatlashar ekan, oʻquvchilarni oliy taʼlim muassasasiga kirish imtihonlariga tayyorgarlik koʻrishlari uchun ularni shu bugundan “otaliq”qa olishga tayyor ekanligini aytdi.

— Yoshlarga oliy taʼlimga qadam qoʻyishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratib berishga tayyormiz, biroq, eng katta sinovdan - test bosqichidan adolatli ravishda ularning oʻzlari oʻtadilar, — deydi Fargʻona davlat universiteti rektori Bahodirjon Shermuhammadov.

Bitiruvchilarga chegara hududdan qatnamasliklari, muntazam turib oʻqishlari uchun universitet yotoqxonasidan joy ajratilishi, ularga oʻzlari tanlagan taʼlim yoʻnalishlari boʻyicha bepul mashgʻulotlar olib boruvchi universitetning malakali oʻqituvchilari biriktirilishi maʼlum qilindi. Shuningdek, anklav hudud sharoitida taʼlim jarayonini izga tushirishga intilayotgan, yoshlar taqdiriga masʼuliyat bilan yondashib, mutasaddilardan koʻmak izlayotgan tajribali pedagog - 6 maktab direktori X.Madrahimovga rektor tomonidan universitetning “faxriy professori” boʻlish, talabalarga nazariy va amaliy bilimlar berishda jamoatchilik asosida hamkorlik qilish taklifi bildirildi.

Yoshlar bugunning oʻzida universitet hayoti bilan tanishib, mashgʻulotlar rejasini belgilab olish, yotoqxonaga joylashish uchun yoʻl oldilar.