Fargʻona davlat universiteti xalqaro reytingda 3-oʻrinda

    Yaqinda Turkiyaning “HE” — “Higher Education Ranking” xalqaro reyting tashkiloti 2024-yilgi reyting natijalarini rasman eʼlon qildi. Quvonarlisi, Fargʻona davlat universiteti ushbu roʻyxatning yuqori oʻrnidan joy egalladi!

    Universitetning rasmiy elektron manziliga yoʻllangan reyting sertifikatida mukammallik, taʼlimning yuqori darajasini saqlab qolish, ilmiy tadqiqot ishlari koʻlami, bilim va innovatsiyalarni rivojlantirish boʻyicha Fargʻona davlat universiteti faoliyatiga yuqori baho berilgan va dunyoning 65 ta mamlakatidan ishtirok etgan jami 303 ta universitet orasidan 3-oʻringa munosib deb topilgan.

    Maʼlumot uchun aytish kerakki, mazkur xalqaro reyting tizimida universitetlar 4 ta yoʻnalishda 25 ta mezon va 138 ta koʻrsatkichga koʻra baholanadi. Bunda eng asosiy eʼtibor - tadqiqot ishlari, oʻqitish tizimi, professor-oʻqituvchilar va xodimlar nisbati, akkreditatsiya, xalqaro faoliyat kabi mezonlarga qaratiladi.

    Oʻzbekistondan esa hozirgi kunda 6 ta oliygoh — Jizzax politexnika instituti, Buxoro davlat tibbiyot instituti, Toshkent davlat Sharqshunoslik universiteti, Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti, Nagoya universiteti Toshkent filiali reytingda ishtirok etgan boʻlsa, ular orasida eng yuqori koʻrsatkich 3-oʻrin (8448 ball) bilan Fargʻona davlat universitetida qayd etildi.

    Ushbu reyting tashkiloti barcha mezonlarni aniqlashda haqqoniylik, adolatlilik, tenglik prinsiplariga tayangan holda ish olib boradi va bunday yondashuv orqali oliy taʼlim muassasalari imkoniyatlarini yanada oshirish, xalqaro maydonga kirib borish, ilmiy izlanishlar, oʻquv jarayonini takomillashtirishga erishish va mehnat bozori talablariga muvofiq rivojlanish maqsadlarini koʻzda tutadi.

    Taʼkidlash kerakki, Fargʻona davlat universiteti faoliyati xalqaro eʼtirof etilgan reytinglarda aks etmoqda va dunyoning kuchli universitetlari qatoridan joy egallashga qaratilgan strategiya oʻz natijasini koʻrsatmoqda.