Oliy taʼlim muassasalarining uzoq yillik tizginlardan qutulib, zamonaviy rivojlanish va sifatli taʼlimga erishib borayotganiga ham barchamiz birdek guvohmiz.
Oʻzining qariyb bir asrlik salobati bilan yildan yilga yuksak maqom va nufuzini balandlatib kelayotgan otaxon universitet – Fargʻona davlat universiteti ham bugungi islohot va yangilanishlardan toʻla bahramanddir. Yaratilgan imkoniyatlar natijasida universitetimiz xalqaro eʼtiroflarni qoʻlga kiritib kelayotgani esa barchamiz uchun katta yutuq, faxr, albatta.
Quvonch va iftixor bilan taʼkidlash joizki, butun dunyoga oʻz nufuzi va shaffofligi bilan tanilgan Buyuk Britaniyaning Times Higher Education — “THE” reytingida Fargʻona davlat universiteti natijalari eʼtirof etilganining oʻzi nafaqat Fargʻona, balki Oʻzbekiston oliy taʼlimining yutuq va afzalliklari turli yoʻnalishlarda samarali, oʻz oʻrnida maqbul ekanligi xalqaro darajada tan olinayotganini koʻrsatdi.
Unga koʻra, “THE” reyting agentligi – dunyo universitetlarining BMT – “Barqaror rivojlanish maqsadlari”ga (SDGs) muvofiqligini baholovchi global reytingda 14 ta yoʻnalish boʻyicha Fargʻona davlat universiteti yuqori koʻrsatkichlar bilan 1000+ natijani qayd etdi.
Eʼtiborli jihati, oliygoh sifatli taʼlim boʻyicha 43,8 ball bilan 601-800 oʻrinda eʼtirof etildi. Shuningdek, “University Impact Ranking-2023» natijalarida universitet ochlikka barham berish boʻyicha 41,8 ball bilan 301-400 oʻrinda, tengsizlikni kamaytirish boʻyicha 601-800, quruqlikdagi ekotizimlarini asrashda 401+, gender tengligi, munosib ish oʻrinlari va iqtisodiy oʻsish hamda tinchlik, adolat, samarali boshqaruv yoʻnalishida 801+ oʻrinni egallab turgani tahsinga loyiqdir. Quvonarlisi, jonajon oliygohimiz jahon xalqaro reytingi — “Round University Ranking” – “RUR” reytingida ham oʻqitish indikatori boʻyicha yanada yuqorilagan edi.
Nafaqat mamlakat miqyosida, balki xalqaro standartlar asosida oʻz rivojlanish yoʻlini tanlab olish va bu yoʻldan dadil odimlar borish, shubhasiz, kuchli bilim va mehnat, qatʼiy izlanuvchanlik orqali amalga oshadi. Bu borada Fargʻona davlat universiteti erishayotgan yutuqlar oliygohimiz tarixiga munosib ravishda qayd etilib bormoqda.
Bunday ezgu natijalarni, avvalo, yurtimizda oliy taʼlim tizimidagi samarali islohotlar, qolaversa, pedagogika fanlari doktori, professor Bahodirjon Shermuhammadov boshchiligidagi katta jamoa ado etib kelayotgan sharafli va mashaqqatli mehnatlarning bugungi hosilasi, deb baholash mumkin.
Bugun universitetda oʻz mehnat faoliyatini olib borib, yuksak ilmiy muvaffaqiyatlarga erishayotgan, qariyb 35 ming nafar talaba-yoshlarga munosib bilim va tarbiya berib kelayotgan professor-oʻqituvchilar, ilm ufqlarini zabt etib borayotgan yosh olimlar, shubhasiz, universitetimizning yorugʻ ishonchidir.
Ishonch bilan qayd etish lozimki, otaxon oliygohimiz oʻz taraqqiyot yoʻlidan dadil qadam tashlab, Yangi Oʻzbekistonning rivojlanish mezonlariga mos qiyofa kasb etib boraveradi. Universitetimizning ilmiy salohiyati va imkoniyatlari xalqaro darajada eʼtirof etilayotgani esa uning eng munosib va toʻgʻri yoʻldan borayotganining yorqin isbotidir.
Sohiba ZOKIROVA,
Fargʻona davlat universiteti dotsenti, filologiya fanlari doktori (DSc)