Oʻsh davlat universitetidagi Tolerantlik markazi (Center for Tolerance SfT — Hubs)ning tashkil etilish va faoliyat tajribasi bilan tanishuv taqdimoti videokonferensaloqa shaklida boʻlib oʻtdi. Bunday markaz, shuningdek, Oʻzbekiston va Tojikiston OTMlarida ham ochiladi.

“Yuksalish” umummilliy harakatining Fargʻona viloyatiga safari davomida Harakat hamda Fargʻona davlat universiteti oʻrtasida universitet qoshida Tolerantlik markazini tashkil etish maqsadida memorandum imzolangan edi.

Bu nima beradi? Yoshlar chegara oldi tumanlarda, koʻpincha yuz beradigan ziddiyatlar tufayli oʻzlarini yakkalangan, turli salbiy vaziyatlar oldida zaif va begona his qiladilar. Ularga madaniyatlararo ijobiy muloqot qurish qiyin boʻladi.

Barqaror jamiyat qurishda yoshlarga yordam berish uchun “Markaziy Osiyoda bagʻrikenglik va tinchlik uchun transchegaraviy koʻp qirrali muloqot” loyihasi ishga tushirilgan edi. Loyiha Yevropa Ittifoqi tomonidan moliyalashtirildi, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarma “BIOM” ekologiya harakati (Qirgʻiziston) hamda “Yuksalish” umummilliy harakati (Oʻzbekiston) bilan hamkorlikda amalga oshirildi.

Loyihaning keng qamrovli maqsadi — chidamlilik va hamfikrlik kabi tushunchalarni kengaytirish hamda radikallikning oldini olish, zoʻravonlik ekstremizmi ildizlari va yaxshi hamjihatlikning ahamiyati haqida xabardorlik darajasini oshirish. Loyiha yoʻnalishlaridan biri uch mamlakatning chegara yaqinidagi tumanlarda yoshlar uchun hayotiy koʻnikmalar, taʼlim va imkoniyatlarni rivojlantirishning innovatsion yoʻnalishlari boʻyicha oʻqitish maydonini taqdim etadigan Tolerantlik markazini tashkil etish va yoritishdir. Oʻsh davlat universitetidagi markaz yangilangan va toʻliq jihozlangan.

Taqdimot doirasida ishtirokchilar qoʻshma konsepsiyani ishlab chiqish boʻyicha loyiha rejalarini hamda loyiha faoliyatini, bunga mahalliy hokimlik organlari, birlashmalar, boshqa universitetlar, yoshlar tashkilotlarini jalb qilish masalalarini muhokama qildilar. Qirgʻiziston, Tojikiston va Oʻzbekiston oʻrtasida munozara dasturlarini oʻtkazish, etnik va dinlararo bagʻrikenglikni targʻib qilish, stereotiplarga qarshi kurash koʻzda tutilgan.

Konferensiyada YEIning Oʻzbekistondagi delegatsiyasining hamkorlik boʻlimi rahbari v.b. Allessandro Liamine, Konrad Adenauer nomidagi jamgʻarmaning moliya va boshqaruv boʻlimi boshligʻi oʻrinbosari Shtefan Malerius, Oʻsh davlat universiteti rektori, professor Kudoyberdi Kojobekov, Xoʻjand davlat universiteti rektori, professor Jamshed Joʻrazoda, Fargʻona davlat universiteti rektori Ravshanjon Maqsudov va boshqa OTMlar vakillari, loyiha mutaxassislari qatnashdi, deb xabar beradi “Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.