Fargʻona-Istanbul ishbilarmonlar kengashi tuziladi

    Turkiyalik hamokrlar bilan Fargʻona viloyati iqtisodiyotini rivojlantirishda innovatsion loyihalarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi.

    Uchrashuvda turli yillarda Turkiyaning CNN Türk, TRT telekanallarida, Doğan Media guruhida, Ozarbayjonning neft sohasidagi “SOCAR” davlat kompaniyasida jamoatchilik bilan aloqalar hamda marketing yoʻnalishlarida rahbarlik qilgan Berna Kyurekchi Shendir hamda tibbiy turizm, tashqi reklama hamda innovatsion qishloq xoʻjaligi sohalarida yirik tajribaga ega Jem Sezer, Fargʻona viloyati hududidagi ikki kunlik oʻrganishlaridan kelib chiqib, viloyatda amalga oshirish istiqbolli hisoblangan loyihalar yuzasidan oʻz fikrlarini bildirdilar.

    Kino sanoatini milliy anʼana va qadriyatlar davomiyligi saqlangan, oʻziga xos noyob tabiatga hamda ulkan tarixga ega viloyatimiz iqtisodiyotining alohida tarmogʻi sifatida rivojlantirish, Fargʻonada taniqli xorijiy kinostudiyalar uchun zamonaviy va yuqori texnologik moddiy-texnik bazaga ega infratuzilmani yaratish muvaffaqiyatli yoʻnalish boʻlishi taʼkidlandi.

    Shuningdek, yuqori iqtisodiy salohiyatga ega hamda xorijiy investitsiyalar oqimi kengayib borayotgan Fargʻona viloyatida raqamli tashqi reklama bozorini rivojlantirish borasida ham katta imkoniyat borligi qayd etildi.

    Hamkorlikda qishloq xoʻjaligi uchun gidroponika sohasida texnologiyalar ishlab chiqarishda qoʻshma loyihalarni amalga oshirishda viloyatda meva-sabzavotchilik tajribasi ham katta oʻrin tutishi mumkinligiga eʼtibor qaratildi.

    Istanbul shahrida Fargʻonada yetishtirilgan mahsulotlar hamda viloyat turizm va investitsion salohiyatini namoyish etuvchi markaz tashkil etish imkoniyatlari ham koʻrib chiqildi.

    Uchrashuv kun tartibidagi masalalarning har biri yuzasidan aniq konsepsiyalar ishlab chiqish hamda muhokamalarni davom ettirishga kelishib olindi.

    Fargʻona-Istanbul ishbilarmonlar kengashini tuzish ishlarini jadallashtirish, Bilal Shirin tomonidan Kengash uchun begʻaraz asosda Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshahar hududida 4 qavatli bino qurilishi jarayonlarini tezlashtirish masalasi yuzasidan ham fikr almashildi.