Safar davomida delegatsiya aʼzolari Xaryana shtatida joylashgan Gurugram davlat universitetida boʻlib, hamkorlik shartnomasini imzoladilar, deya xabar beradi viloyat hokimligi axborot xizmati.
Shartnomaga koʻra, ikki oliy taʼlim muassasasi oʻrtasida farmatsevtika yoʻnalishida qoʻshma fakultet tashkil etiladigan boʻldi. Bunda talabalar ikki yil Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida, ikki yil Gurugram davlat universitetida soha boʻyicha tahsil oladilar. Qoʻshma fakultet bitiruvchilariga ikki tomonlama diplom berish amaliyoti joriy etiladi.
Bundan tashqari, institutga investitsiya olib kirish va hindistonlik talabalarni koʻproq jalb qilish maqsadida Dehli shahrida Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutining maxsus ofisi tashkil etildi va oʻz ish faoliyatini boshladi.
Shuningdek, Hindistonning eng oldi klinikalardan biri – Venkateshwar Hospital bilan hamkorlik yoʻlga qoʻyildi. Ushbu klinika nafaqat Hindiston, balki dunyo miqyosida yuqori reyting darajasiga ega boʻlib, onkologiya sohasiga ixtisoslashtirilgan. Klinikada jigar, buyrak va boshqa ichki organlarni koʻchirib oʻtkazish operatsiyalari amalga oshiriladi. Malakali kadrlar va eng soʻnggi rusumdagi tibbiy jihozlar, uskunalar bilan taʼminlangan.
Venkateshwar Hospital bilan tuzilgan shartnomaning muhim jihati, kelgusida Fargʻona jamoat salomatligi tibbiyot institutida taʼlim olayotgan bakalavriat, magistiratura va ordinatura bosqichi talabalari hamda institut professor-oʻqituvchilari hech qanday toʻsiqlarsiz, mazkur klinikada bepul tajriba almashish, malaka oshirish va ilmiy-amaliy jarayonlarda bevosita ishtirok etish imkoniyatiga ega boʻldilar.