Fargʻona shahrida yangi koʻp qavatli uylar qurish uchun nega ruxsat berilmasligi maʼlum qilindi

    Urbanizatsiya 20 Fevral 2021 2487

    Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-5-fevral kunlari viloyatga qilgan tashriflari viloyatning rivojlanishi, import-eksport hajmini oshirish, shu bilan birga, fuqarolar uchun barcha sharoitlarni muhayyo etish, ishsizlarni ish bilan band etish borasidagi koʻrsatmalari viloyatni yana-da taraqqiy etishida yuksak ahamiyat kasb etmoqda.

    Barchamizga maʼlumki, tashrif doirasi Yurtboshimiz kutilmaganda shahardagi “Shodiyona” mahallasiga kirib bordilar. Fuqarolar bilan suhbatlashib, “mahallabay” ishlash tizimi joriy etilayotganini taʼkidlab, bu borada oʻzlari shaxsiy namuna koʻrsatdilar. Mahalladagi achinarli va abgor holatdagi manzaralarni bartaraf etilishi boʻyicha mutasaddilarga aniq koʻrsatmalar berilgan edi.

    Mazkur obyektdagi holatdan keyin Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozarov boshchiligida Fargʻona shahrining zamonaviy qiyofasini yaratish, koʻchalarni taʼmirlash, har bir mahalladagi aholining turmush darajasi va sifatini oshirish, hududlarni obodonlashtirish borasida tizimli ishlar tashkil etilib, “mahallabay” ishlash, yurtdoshlarimiz turmush sharoitini oʻrganish va shu asosda ularga munosib turmush sharoitini yaratishga alohida eʼtibor qaratilayotir.

    Viloyat hokimi hamda shahardagi 4 ta sektor rahbarlari ishtirokida oʻtayotgan sayyor qabullarda koʻp qavatli uylarda yashovchi fuqarolardan koʻp qavatli uylar orasida yangi qurilayotgan binolar aholi uchun noqulayliklar keltirib chiqarayotganligi, bolalar ochiq havoda oʻynashlari, kattalar va keksalar uchun sayr qilishga imkoniyat qolmayotganligi toʻgʻrisida koʻplab murojaatlar kelib tushdi.

    Mazkur eʼtirozlardan kelib chiqib, koʻp qavatli uylar orasida olib borilayotgan qurilish ishlari qonuniy oʻrganib chiqilib, xulosa taqdim etilgunga qadar vaqtincha toʻxtatiladi.

    Bu holat ijtimoiy tarmoqlarda turli bahs-munozalar va tortishuvlarga sabab boʻlganligi barchamizga maʼlum.

    Bugun viloyat hokimligida Fargʻona viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xoʻjalik masalalari boʻyicha oʻrinbosari Dilshodjon Xodjiaxmedov, Fargʻona shahar hokimi Mirzohir Ubaydullayev va Fargʻona shahar prokurori Dilmurod Qobulovlar ishtirokida jurnalist va blogerlar uchun brifing tashkil etilib, mazkur holat yuzasidan maʼlumot berildi.

    Fargʻona shahar hokimi Mirzohir Ubaydullayev taʼkidlashicha, shaharsozlik qoidalariga muvofiq koʻp qavatli uylar orasida bolalarni oʻynashi va oʻsmirlarni sport bilan shugʻullanishlari uchun maydonlar, aholini dam olishi va sayr qilishi uchun koʻkalamzorlashtirilgan hududlar tashkil etilgan boʻlib, yangi qurilishlar natijasida aynan shu inshootlar buzib yuborilgan. Shuningdek, yangi qurilishlar natijasida koʻp qavatli uylarga xizmat koʻrsatuvchi muhandislik kommunikatsiya tarmoqlariga jiddiy zarar yetkazilishi bilan birgalikda, tarmoqlarni kuchlanish bilan ishlashiga olib kelmoqda. Bu esa ichimlik suvi quvurlari yorilib ketishi, kanalizatsiya tarmoqlari tiqilib qolishi, elektr energiyasidagi kuchlanishni pastlab ketishiga sabab boʻlmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Yer kodeksining 63-moddasida koʻp kvartirali uylar atrofidagi yer uchastkalari, ushbu uylarning turar joylari va yashash uchun moʻljallanmagan joylar uy-joy mulkdorlariga doimiy foydalanish uchun berilishi belgilab qoʻyilgan. Shuningdek, Yer kodeksining 64-moddasida aholi punktlarining umumiy foydalanishdagi yerlariga maydonlar, koʻchalar, yoʻlaklar, aholining madaniy-maishiy ehtiyojlarini qondirish va dam olishi uchun foydalaniladigan yerlar – daraxtzorlar, bogʻlar, sayilgohlar, xiyobonlar, shuningdek, ariq tarmoqlari egallagan yerlar kirishi koʻrsatib oʻtilgan boʻlib, mazkur umumiy foydalanishdagi yerlar muayyan yuridik va jismoniy shaxslarga biriktirib qoʻyilmasligi belgilangan.

    Yuqoridagilarni inobatga olgan holda bundan buyon Fargʻona shahridagi koʻp qavatli turar-joylar oʻrtasida yangi koʻp qavatli uylar qurish uchun ruxsat berilmasligi, endi boshlangan qurilishlar (poydevor uchun qazilgan kotlovanlar) toʻxtatilishi, qurilishi boshlab yuborilgan obyektlarni qonunga muvofiqligini koʻrib chiqqan holda ularga buzib tashlangan bolalar hamda sport maydonchalarini qayta tiklash, kesilgan har bir daraxt oʻrniga 100 tupdan manzarali daraxtlar ekilishi qayd etildi.

    Albatta, bu ishlarni amalga oshirishda tadbirkorlarning qonuniy huquq va manfaatlariga zarar yetkazmaslikka alohida eʼtibor qatiladi. Shuning uchun qarorlar qabul qilingan, lekin qurilishi boshlanmagan hamda endigina qurilish ishlarini boshlagan (poydevor uchun kotlovan qazilgan) tadbirkorlarga Fargʻona shahrining Bosh rejasi va Urbanizatsiya dasturiga koʻra Nurafshon koʻchasidagi “Mustaqillik” shaharchasi va Aeroport koʻchasida joylashgan sobiq “Motodrom” hududida bunyod etilayotgan uy-joylar kompleksi hududida qurilish ishlarini olib borishlari mumkin.

    Fargʻona shahar hududiga Fargʻona tumanidan qoʻshilayotgan Fargʻona xalqaro aeroporti orqa tomonida joylashgan 300 gektar yer maydoniga Turkiya va Janubiy Koreya davlatlarining loyiha institutlari tomonidan yangi shahar ichidagi shaharchaning Bosh rejasi ishlab chiqilmoqda. Mazkur hududdan ham tadbirkorlar uchun yer maydonlari ajratib berilishi choralari koʻrilayotganligi brifingda aytib oʻtildi.

    Shohsulton Toʻxtamatov,

    jurnalist.

    Muqimjon QODIROV olgan suratlar.