Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bugun ushbu hududda boʻlib, poydevorida choʻkish va ogʻish yuzaga kelganligi sababli foydalanishga yaroqsiz holatga kelib qolgan amfiteatrda olib borilayotgan demontaj ishlarini koʻzdan kechirdi hamda yangi loyihani masʼullar ishtirokida muhokama qildi.
Aholi, ayniqsa yoshlar uchun axborot texnologiyalari jadal ildamlayotgan bugungi kunda oʻta zarur boʻlgan IT-Park, shuningdek zamonaviy kutubxona hamda til oʻrgatish markazini oʻz ichiga olishi rejalashtirilgan majmuaning taklif etilgan meʼmoriy loyihasi viloyat hokimining qator eʼtirozlariga sabab boʻldi. Viloyat rahbari bir oy muddatda loyihani tubdan qayta oʻzgartirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Shuningdek, aholiga qulaylik yaratish uchun binoning birinchi qavatiga savdo shoxobchalarini joylashtirish va ularni xoʻjalik hisobida faoliyat yuritadigan IT-Park balansiga berish orqali ushbu muassasani iqtisodiy qoʻllab-quvvatlash maqsadga muvofiq boʻlishini aytib oʻtdi.
Xayrullo Bozorov, shahar masʼullariga qisqa muddatda eski amfiteatrni buzish ishlarini yakunlash hamda qurilish maydonchasini tayyorlash boʻyicha topshiriq berdi.