Dastlab aholi xonadonlarida malina yetishtirish jarayonlarini koʻzdan kechirgan viloyat rahbari, soʻngra malinazorlar tashkil etilgan dehqon xoʻjaliklarini ham borib koʻrdi.
“Dilkusho” mahallasida yashovchi aholi tomorqalari malina hamda uzumchilikka ixtisoslashgan boʻlib, oila byudjeti uchun sezilarli daromad manbasiga aylangan. Xonadonlarda malinada ikki marta hosil yigʻib olinadi. Viloyat hokimi tashrif buyurgan xonadonlardan biri – Ilhomjon Yoʻldoshev hovlisida 10 sotix yerda uzumzor barpo etilgan boʻlib, ostiga malina ekilgan. Xonadon sohibi, oʻtgan yili uzumdan 40 million soʻm, malinadan 20 million soʻm daromad olganini aytib, bu yil undan ham kattaroq daromadni koʻzlab turganini qayd etdi.
Viloyat hokimi “Dilkusho” mahallasiga tutash hududdagi sugʻorish muammosi boʻlgan, samarasiz yer maydonlarini borib koʻzdan kechirdi. Hudud iqlimining malina yetishtirishga mosligini hisobga olgan holda, bu yerdagi boʻsh maydonlardan 300 gektarida malina plantatsiyasi barpo etish, buning uchun maydonlarni toshlardan tozalash, tabiiy oʻgʻitlar bilan oziqlantirish, tik quduqlar qazish va nasoslar oʻrnatish boʻyicha topshiriq berdi. Tashkil etiladigan malina plantatsiyasi 30 sotixdan 1000 ta oilaga boʻlib berilishi va kooperatsiya shaklida faoliyat yuritishi belgilab berildi. Buning natijasida shuncha oilaning doimiy bandligi taʼminlanadi, shuningdek hosil yigʻish davrida 3000 tadan ziyod mavsumiy ish oʻrni yaratiladi. Shuningdek, hududda dastlabki bosqichda muzlatkichli meva saqlash ombori insho etish boʻyicha tashabbuskor sarmoyador aniqlanib, yetishtirilgan hosilni yigʻib, eksportga yoʻnaltirish choralari koʻriladi. Ikkinchi bosqichda malinani qayta ishlash korxonasi tashkil etilishi rejalashtirildi.
Malina yetishtirishning oʻziga xos jihatlari yuzasidan mahalliy aholi bilan muloqot qilgan Xayrullo Bozorov, hozirda malina yetishtirishda hosildorlik gektariga oʻrtacha 10-12 tonna ekanini, yangi tashkil etiladigan plantatsiyada yana-da yuqori hosildorlikka erishish uchun xorijiy davlatlardan yangi malina koʻchatlari olib kelinishini yoʻlga qoʻyish, malinachilik boʻyicha tajriba almashinuvini tashkil etish boʻyicha mutasaddilarga vazifalar belgilab berdi.
Yangi plantatsiya tashkil etilishi uchun koʻzda tutilgan yer maydonlarining geologiyasini hamda agrokimyoviy xossalarini oʻrganish boʻyicha ishga kirishildi.