Dastlab Sverdlovsk viloyati gubernatorining birinchi oʻrinbosari Aleksey Shmыkov bilan tor doirada uchrashuv boʻlib oʻtdi.

Unda ikki tomonlama tekstil, toʻqimachilik va qishloq xoʻjaligi mahsulotlarining import, eksport masalalari, taʼlim, sogʻliqni saqlash kabi yoʻnalishlarda hamkorlik va qoʻshma loyihalar borasida ishlash, rus-oʻzbek madaniyati, tarixi, urf-odatlarini oʻzida aks ettiruvchi forumlarni tashkil qilish borasida muzokaralar olib borildi.

Yekaterinburg shahri maʼmuriyatida tashkil etilgan B2B uchrashuvda esa fargʻonalik tadbirkorlar qishloq xoʻjaligi mahsulotlariga qiziqish bildirayotgan qator mahalliy savdo tarmoqlari bilan oʻz mahsulotlarini yetkazib berish boʻyicha muzokaralarni olib bordi.

Yekaterinburg shahridagi yillik mato savdo hajmi 2 million pogonometrdan ziyod boʻlgan “Tekstil” savdo uyi rahbariyati bilan uchrashuvda Fargʻona viloyatida faoliyat olib boruvchi salohiyatli tekstil, toʻqimachilik yoʻnalishidagi korxonalar ham onlayn tarzda qatnashishdi.

Unda Rossiya tomoni talabiga koʻra, mato va ip mahsulotlari, tayyor toʻqimachilik mahsulotlarini yetkazishga kelishib olindi. Savdo uyi rahbariyati dekabr oyi boshida Fargʻonaga amalga oshiradigan tashrifi chogʻida kelishuv va shartnomalar imzolanishiga kelishib olindi.

Sverdlovsk viloyati Agrosanoat majmui va isteʼmol bozori vazirligi vakillari hamda ixtisoslashtirilgan korxonalar ishtirokida tashkil etilgan uchrashuvda meva mahsulotlarini toʻgʻridan toʻgʻri yetkazib berish logistikasi, sotib olish, saqlash va Rossiyaning boshqa hududlariga yetkazib berish masalalari muhokama qilindi. Mezbon tomonidan oʻrmon qurilish mahsulotlarini yurtimizga yetkazib berish taklifi bildirildi.

Fargʻona viloyatida axborotga ishlov berish va saqlash tizimiga asoslangan “Mintaqaviy akusherlik monitoringi”ni joriy etish imkoniyatlari boʻyicha uchrashuv oʻtkazildi.

Unda Sverdlovsk viloyati sogʻliqni saqlash vaziri oʻrinbosari, viloyat markaziy shifoxonasi bosh vrachi, bosh akusher-ginekologi, shu tizimni joriy etgan AKT tashkiloti rahbari qatnashdi. Uchrashuvda ushbu tizimni Fargʻonada ham joriy etishga kelishib olindi.

Bundan tashqari, delegatsiya aʼzolari “4-son meva-sabzavotchilik bazasi”, “Ekomoll Granat” markazi faoliyati, “Zamorozka.pro” qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini quritishga moʻljallangan korxonasidagi ish jarayonlari bilan ham yaqindan tanishdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.