Davlatimiz rahbari kecha viloyatda yangi korxonalarni boshqarayotgan tadbirkorlar, zamonaviy texnologiyalarda ishlayotgan yoshlarimiz, chiroyli uy-joy massivlariga koʻchib oʻtgan odamlarni koʻrib, mamnun boʻlganini taʼkidladi.

Shu bilan birga, dunyodagi hozirgi oʻta murakkab sharoitda yangi yoʻl ochish, investitsiya olib kelish oʻz-oʻzidan boʻlmayotgani qayd etildi.

Fargʻona aholisi 4 milliondan oshdi. Bunday oʻsish bilan viloyat aholisi 2030-yilga borib 5 millionga yetadi. Bu – Fargʻona viloyatini oʻzida yiliga 100 ta yangi bogʻcha, 40 ta maktab, 20 mingta xonadon va 500 mingta qoʻshimcha ish oʻrni yaratish kerak, degani.

Bu esa viloyat hokimi, uning 8 ta oʻrinbosari, 19 ta shahar-tuman hokimi oldiga katta vazifalar qoʻyib, ulardan qattiq masʼuliyat talab etishi koʻrsatib oʻtildi.

Oʻtgan yetti yilda viloyatda katta oʻzgarishlar boʻldi.

Kiritilgan investitsiyalar hajmi 3 karra oʻsdi. Tovar aylanmasi 10 million dollardan oshgan 122 ta korxona paydo boʻldi. Fargʻona korxonalari 60 ta yangi bozorga kirib bordi.

Bugungi kunga kelib, viloyatda yangi korxona ochaman, kengaytiraman, innovatsion loyiham bor, yuzlab, minglab odamni ishli qilmoqchiman, degan tadbirkor koʻpaydi.

Shu bilan birga, agar viloyat rahbariyati yangicha tizim qilib, tadbirkorlar bilan koʻproq shugʻullanganida edi, Fargʻonada 2-3 karra koʻp natijaga erishish mumkin boʻlar edi, dedi davlatimiz rahbari.

Viloyatdagi baʼzi korxonalarda ishlab chiqarish hajmi pasaygani, ayrimlari ishlamayotgani, 3 ta loyihani ishga tushirish 4-5-yildan beri choʻzilib kelayotgani tanqid qilinib, masʼul rahbarlar bunday korxonalarga yordamlashishi zarurligi toʻgʻrisida ogohlantirildi.

Roʻyxatga olingan tadbirkorlarning muayyan qismi faoliyat yuritmayotgani, ayrimlarida esa aylanma va ish oʻrinlari qayd etilmagani “yashirin iqtisodiyot”dan dalolat berishi qayd etildi.

Mutasaddilarga bu holatlarni oʻrganib, “soyadan” chiqishga koʻmaklashish topshirildi.