Viloyat hokimining oʻrinbosari Xurshidjon Ahmedov, Quva tumani hokimi Halimjon Umarov, “Qoʻqon” EIZ rahbari Farruh Rahmonov, viloyat hokimligi mutasaddilari va tuman hokimlari oʻrinbosarlari, ishbilarmonlar hamda oliy taʼlim muassasalari rahbarlari, sanʼatkorlar, OAV vakillaridan iborat Fargʻona viloyati delegatsiyasini Norin viloyati gubernatori Sobirqul Ashimbayev boshchiligidagi rasmiylar kutib oldilar.

Viloyatimiz vakillari tashrifni Norin viloyatida ishlab chiqarilgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishishdan boshladilar.

Bugun, 2-iyul kuni Norin shahridagi “Xan Tengri” mehmonxonasi konferensiyalar zalida Fargʻona va Norin viloyatlari rasmiylari hamda ishbilarmon doiralari ishtirokidagi biznes-forum ochildi.

Forum ochilishida soʻz olgan Norin viloyati gubernatori Sobirqul Ashimbayev va Fargʻona viloyati hokimining oʻrinbosari Iqboljon Ergashev ikki qardosh mamlakat Prezidentlarining yuksak siyosiy irodasi tufayli davlatlarimiz oʻrtasida hamkorlik va doʻstlik aloqalari kun sayin rivojlanib borayotganini taʼkidlashdi. Sobirqul Ashimbayev boshchiligidagi Norin viloyati delegatsiyasining joriy yil mart oyida Fargʻona viloyatiga amaliy tashrifidan soʻng ikki viloyat oʻrtasida savdo-iqtisodiy va ijtimoiy-madaniy hamkorlikda yangi sahifalar ochilishga boshlangani mamnuniyat bilan qayd etildi.

Forum davomida Fargʻona viloyatining iqtisodiy-investitsion salohiyati yuzasidan taqdimot oʻtkazilishi, “Qoʻqon” EIZ, viloyat oliy taʼlim muassasalari faoliyati haqida batafsil maʼlumot taqdim etilishi koʻzda tutilgan. Viloyatimizda faoliyat olib borayotgan paxtachilik klasterlari ham oʻzaro hamkorlikni yoʻlga qoʻyish boʻyicha oʻz takliflarini norinliklar eʼtiboriga havola etishadi.