Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi Fargʻona viloyati delegatsiyasining 4 kun davom etgan Koreya Respublikasiga amaliy tashrifi doirasida oʻzaro hamkorlikka oid umumiy qiymati 360 million dollardan ziyod boʻlgan 14 ta hujjat imzolandi.

Qoʻqon shahrida “Hanshin Park City” shaharchasini barpo etish boʻyicha qiymati 250 million dollarlik investitsion kelishuv, “Posco International” korporatsiyasi bilan qiymati 65 million dollar boʻlgan hamkorlik memorandumi, “TMC Global”, “Man Sung Chemistry Co., Ltd” va Fargʻona shahridagi “Uz-Segang” MCHJ oʻrtasida yangi turdagi eksportbop meva-sabzavot turlarini rivojlantirish boʻyicha qoʻshma korxona tashkil etish yuzasidan 30 million dollarlik shartnoma, “Uz-Segang” MCHJ hamda Koreyaning “Sunfinite Co Ltd” kompaniyalari oʻrtasida hoʻl meva-sabzavotlarni yetkazib berish yuzasidan qiymati 5 million dollar boʻlgan eksport shartnomasi va imzolangan boshqa muhim hujjatlar shular qatorida.

Shuningdek, maktabgacha taʼlim sohasida 2 million dollar investitsiya kiritish, Beshariq tumanida loyiha qiymati 5 million dollar boʻlgan koʻp tarmoqli shifoxona qurish, Bagʻdod tumanida 3 million dollar investitsiya hisobiga tibbiyot niqoblari va bolalar tagliklari ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha memorandumlar imzolandi.

Viloyat delegatsiyasi Koreyaga amaliy tashrifini yakunlab Oʻzbekistonga qaytib keldi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.