Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi (ITSV) maʼlumotiga ko‘ra, unda Farg‘ona viloyati delegatsiyasi, Savdo-sanoat palatasi hamda Osaka tadbirkorlikni rivojlantirish agentligi rahbariyati, shuningdek, Yaponiya kompaniyalarining 40 nafar vakili va tadbirkorlari, shuningdek, Farg‘ona viloyatidan Yaponiyada faoliyat yuritayotgan tadbirkor yurtdoshlarimiz ishtirok etdi.
Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Farg‘ona viloyati boshqarmasi boshlig‘i Iqboljon Ergashev Farg‘ona viloyatining sarmoyaviy, savdo-iqtisodiy salohiyati yuzasidan forum ishtirokchilari uchun taqdimot o‘tkazdi. Taqdimotda viloyatning keyingi yillarda, jumladan, sanoat, qishloq xo‘jaligi va turizm sohalarida investitsiya va eksport ko‘rsatkichlari o‘sib borayotgani, yapon kompaniyalari bilan hamkorlikda amalga oshirish uchun taklif etilayotgan istiqbolli loyiha va tashabbuslarga alohida eʼtibor qaratildi.
O‘zbekiston bilan uzoq yillardan buyon to‘qimachilik sohasida hamkorlik qilib kelayotgan “Masui” kompaniyasi rahbari Chinori Tokia Farg‘ona viloyati bilan Yaponiya o‘rtasida ushbu sohada sarmoyaviy va eksport hamkorligi uchun yaratilgan imkoniyatlarni alohida taʼkidladi. Shuningdek, u Yaponiya bozorida o‘zbek to‘qimachilik mahsulotlariga qiziqish sezilarli darajada oshganini qayd etdi.
O‘z navbatida, Osaka SSP va Osaka biznesni rivojlantirish agentligi vakillari o‘zaro manfaatli hamkorlikka tayyor ekanliklarini bildirib, yaqin kelajakda munosabatlarni chuqurlashtirish bo‘yicha aniq rejalar bilan o‘rtoqlashdilar.
Biznes-forum doirasida “V2V” va “B2G” formatlarida tashkil etilgan uchrashuvlar qo‘shma korxonalar tashkil etish va o‘zaro manfaatli savdo shartnomalarini tuzishning moliyaviy va texnik jihatlarini batafsil ishlab chiqish imkonini berdi.
Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Yaponiyaga tashrifi natijasida jami 81,5 million dollarlik 5 ta investitsiya shartnomasi imzolandi.