Mazkur tadbirlar, shuningdek Tehronda tashkil etilgan Texnologiya va xalqaro investitsiyalar forumi hamda “Ilmga ixtisoslashgan texnologiyalar” koʻrgazmasi doirasidagi muzokaralar natijasida Fargʻona viloyati va Eron ishbilarmonlari oʻrtasida umumiy qiymati 22,5 million dollar boʻlgan 3 ta kelishuvga erishildi.
“Choopan Agro Industrial Co” kompaniyasi bilan Qoraqalpogʻistonning Fargʻona viloyatiga biriktirilgan Boʻzatov tumanida dorivor giyohlar urugʻidan nihol yetishtirish loyihasi boʻyicha kelishuv imzolandi. Qiymati 10 million dollar boʻlgan ushbu loyiha doirasida 160 nafar doimiy, 500 nafar mavsumiy ish oʻrni shakllantiriladi, yillik 13 million dollar hajmda mahsulot ishlab chiqarish imkoniyati yaratiladi.
Fargʻona viloyati hokimligi, viloyatimizdagi “Chilustun Fayz” MCHJ va Eronning “Koks Group” kompaniyalari oʻrtasida Quvasoy shahrida koʻmir va neft mahsulotlaridan koks va dizel ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirish boʻyicha imzolangan 10 million dollar qiymatidagi kelishuv 9 million dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiyani oʻz ichiga oladi. 100 ta yangi ish oʻrni yaratiladigan ushbu korxonada yiliga 75 milliard soʻmlik ishlab chiqarish hajmi yaratiladi, mahsulot asosan eksportga yoʻnaltiriladi.
Viloyat hokimligi va Eronning “Mr.Fish” MCHJ oʻrtasida Margʻilon shahrida eronlik tadbirkorlar uchun “Texnopark” tashkil etish yuzasidan ham kelishuvga imzo chekildi. Qiymati 2,5 million dollar boʻlgan ushbu loyihani amalga oshirilishi natijasida “Mr.Fish” MCHJga tegishli boʻsh turgan binolarda 10 dan ortiq ishlab chiqarishlar paydo boʻladi. Bugungi kunda mazkur “Texnopark”da ishlash istagidagi eronlik tadbirkorlar roʻyxati shakllantirilyapti.
Shuningdek, 22-fevralda Tehronda boʻlib oʻtgan “Ilmga asoslangan texnologiyalar” koʻrgazmasida 10 dan ortiq Eron kompaniyalari bilan muzokaralar oʻtkazildi. Eronlik ishbilarmonlar Fargʻona viloyatida qurilish va avtotransportlar uchun organik rang-boʻyoqlar, yangi texnologiya asosida qishloq xoʻjaligida foydalanish uchun biooʻgʻitlar, suv hisoblagichlar, sement qorishmasi oʻrnini bosuvchi qurilish kleyi ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish borasida katta qiziqish bildirdilar. Ushbu kompaniyalar vakillari yaqin kunlarda Fargʻona viloyatiga tashrif buyurishlariga hamda muzokaralarni amaliy hamkorlikka aylantirish boʻyicha ish tashkil etish boʻyicha kelishib olindi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.