Undan koʻzlangan asosiy maqsad Fargʻona viloyatining turizm salohiyatini keng targʻibot qilish orqali kelgusi yillarda mahalliy va xorijiy turistlar oqimini 2 barobarga oshirishdir.
Koʻrgazma davomida turizm sohasi vakillari va soha tadbirkorlari tomonidan 2 000 dan ortiq turizm salohiyatini aks ettiruvchi mahsulotlar va koʻrsatiladigan xizmat turlari boʻyicha targʻibot bukletlari tarqatildi.
Shuningdek, respublikaning yetakchi turistik korxonalari bilan 551 dan ortiq yangi bitim kelishuvlarga erishildi. Ushbu kelishuvlar summasi jami qariyb 15 million dollarni tashkil etadi. Jumladan, “Dilrabo Tourism And Logistics” MCHJ, “Fargʻona Vodiy sayyoh” hamda “Kokand tourism” turoperatorlik korxonalari tomonidan koʻrgazmaga tashrif buyurgan Qirgʻiziston, Qozogʻiston, Tojikiston, Armaniston, Ozarbayjon va Malayziya davlatlari vakillari bilan muzokaralar oʻtkazilib, kirish va chiqish turizm yoʻnalishlari boʻyicha bitim kelishuvlarga erishildi.
Bundan tashqari, Qozogʻiston bilan hunarmandchilik yoʻnalishida ham hamkorlik memorandumi imzolandi, deb xabar beradi Turizm va madaniy meros vazirligi matbuot xizmati.
Toshkent xalqaro turizm yarmarkasi 2-dekabrgacha davom etadi.