Farg‘ona viloyati gaz taʼminoti filiali komplayens nazorat tuzilmalari va hamkor tashkilotlar ishtirokida o‘tkazilgan reydlar vaqtida qator qonunbuzilish holatlari aniqlandi.
Xususan, Oltiariq tumani “Chinortagi” MFYda joylashgan, fuqaro A.O. ga qarashli ovqatlanish maskanida xatlov oʻtkazilganda binoda loyiha-texnik hujjatlarsiz tabiiy gazdan foydalanilayotgani maʼlum boʻldi. Holat boʻyicha dastlabki hisob-kitoblarga koʻra 3 milliard soʻmlik zarar qayd etildi.
Rishton tumani “Boʻston” MFYda yashovchi fuqaro O.Z. ga tegishli dam olish maskanida tabiiy gazdan foydalanish holati oʻrganilganda, loyiha-texnik hujjatlarini rasmiylashtirmasdan tabiiy gazdan foydalanilayotgani aniqlandi. Holat yuzasidan 2 milliard 287 million soʻm miqdorida qayta hisob-kitob amalga oshirildi.
Yana bir holat Furqat tumanida fosh etildi. Uzunchek mahallasida istiqomat qiluvchi fuqaro T.X. ga tegishli novvoyxonada yashirin tarmoq orqali tabiiy gaz quvuriga ulanib olingani aniqlandi. Qonunbuzarlik oqibatida taʼminot korxonasiga 797 million 860 ming soʻmlik zarar yetkazilgani maʼlum boʻldi.
Yuqoridagi barcha holatlar bo‘yicha hujjatlar huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yuborildi.