Fargʻona viloyatida bir qator investitsiya loyihalari ishga tushirildi

    Investitsiyalar 28 Dekabr 2022 1309

    Fargʻona viloyatida bir qator yirik ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi.

    Ochilish marosimlarida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligining Fargʻona viloyati boshqarmasi rahbariyati, mahalliy hokimiyat organlari, jamoat tashkilotlari vakillari ishtirok etdi.

    Xususan, Fargʻona shahridagi “A.Akbarali” masʼuliyati cheklangan jamiyati korxonasida loyiha qiymati 10 million dollar boʻlgan trikotaj matolari va sochiq mahsulotlarini boʻyash boʻyicha yangi liniya ishga tushirildi. Yangi liniya Italiyaning “SPA”, “PENTEK” va Turkiyaning “DILMENLER BIANCO” kompaniyalarining zamonaviy uskunalari bilan jihozlangan. 300 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Yil davomida 5 million dollarlik mahsulot eksport qilish rejalashtirilgan.

    “Quva tekstil” MCHJ korxonasida 11 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, tayyor mahsulot ishlab chiqarish kengaytirildi va 450 ta yangi ish oʻrni yaratildi.

    “Qoʻqon” EIZ hududida joylashgan “Admiral Group” MCHJ korxonasida qiymati 6 million dollarlik un va un mahsulotlari ishlab chiqarish liniyasi ishga tushirildi. Ishlab chiqarish quvvati yiliga 185 ming tonna boʻlgan zamonaviy turk uskunalari oʻrnatildi. 120 ta yangi doimiy ish oʻrni yaratildi. Korxonaning eksport salohiyati yiliga 20 million dollarga yetdi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.