Fargʻona viloyatida investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyatini faollashtirish chora-tadbirlari oʻrganildi

    Mamlakatimizda 30 Noyabr 2021 909

    Oʻzbekiston Respublikasi Bosh vazirining oʻrinbosari S.Umurzakov rahbarligidagi ishchi guruh Fargʻona viloyatidagi investitsiyaviy va tashqi savdo faoliyati shuningdek, sanoat rivojlanishining bugungi holatini oʻrganish maqsadida mazkur hududga tashrif buyurdi.

    Investitsiyalar va tashqi savdo masalalariga masʼul boʻlgan viloyat, shahar va tuman darajasidagi mahalliy hokimiyat organlari rahbarlari, Tashqi savdo, investitsiyalar, mahalliy sanoatni rivojlantirish va texnik jihatdan tartibga solish masalalari boʻyicha Hukumat komissiyasi aʼzolari, shuningdek vazirliklar, idoralar, tarmoq birlashmalari va tijorat banklari rahbarlari ishtirokida videokonferensiya shaklida hududiy investitsiya dasturini amalga oshirish, yirik sanoat obyektlarini ishga tushirish va barqaror ishlashini taʼminlash, viloyatning istiqbolli sohalarini rivojlantirish hamda eksport salohiyatini yuksaltirish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

    Joylarda investitsiyalarni jalb etish va eksport faoliyatini rivojlantirishni ragʻbatlantirish, mahalliy tadbirkorlar bilan oʻzaro hamkorlik qilish hamda ishlab chiqarishni kengaytirish va yangi investitsiyaviy loyihalarni amalga oshirishda ularga yordam koʻrsatish boʻyicha yangi tizimning amalda joriy etilishi koʻrib chiqildi. Yangi mexanizmlardan samarali foydalanish yuzasidan batafsil koʻrsatmalar berildi, tadbirkorlar bilan ishlash jarayonida koʻtarilgan aniq masalalar oʻrganildi, deb xabar beradi Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi matbuot xizmati.