10 kun davom etgan oʻrganishlar davomida viloyatdagi 15 ta ishlab chiqarish obyektlarida qoʻpol qonunbuzarliklar va 1 million 353 ming kubometrdan ortiq gazni oʻgʻirlash hamda gazni hisobga olishdagi qonun buzilishlari bilan bogʻliq qator kamchiliklar aniqlandi. Gaz taʼminoti korxonalariga yetkazilgan zarar miqdori esa 1 milliard 350 million soʻmdan ziyodni tashkil etdi.
Taʼkidlash joizki, Prezidentning 6010-sonli Farmoniga binoan “Hududgaztaʼminot” AJning vakolatlari kengaytirildi. Jumladan, oʻz vakolatlari doirasida huquqni muhofaza qiluvchi idoralar bilan birgalikda oʻgʻirlik, gaz taqsimlash tarmoqlariga noqonuniy ulanish faktlarini aniqlash, oldini olish va bartaraf etish kabi ustuvor vazifalar belgilab qoʻyilgan.
Yuqorida belgilangan vazifalarni amalga oshirish maqsadida, ishlab chiqarish obyektlari gaz taʼminoti tizimidagi qonun buzilishi bilan bogʻliq holatlarni aniqlash boʻyicha bosqichli tekshiruvlar boshlandi. Tahlil natijalariga koʻra, baʼzi vijdonsiz ulgurji isteʼmolchilar gaz hisoblagichlarining haqiqiy koʻrsatkichlarini oʻzgartirish uchun turli xil hiyla-nayranglardan foydalanib kelganlar.
Tabiiy gazdan foydalanishdagi qonun buzilishlarining asosiy qismini umumiy foydalanishdagi gaz tarmoqlariga ruxsatsiz ulanish, hisoblash uskunalariga, ularning muhrlariga qasddan zarar yetkazish, shuningdek, ulardagi koʻrsatgichlarni oʻzgartirish uchun ruxsatsiz taʼsir oʻtkazish kabilar tashkil etadi.
Agar aniq misollarga toʻxtaladigan boʻlsak, “Qoʻqonshahargaz” inspektori 2020-yilning 24-avgust kuni gaz hisoblagich koʻrsatkichlarini tekshirish uchun ohak ishlab chiqaruvchi “Ohak Miks” MCHJga keladi. Korxona rahbariyati gaz taʼminoti boʻyicha shartnomada hisoblagich koʻrsatkichlarini toʻsiqsiz tekshirishni nazarda tutuvchi band shartlarini qasddan buzgan holda, korxona faoliyati toʻxtatilganligini vaj qilib, gaz taʼminoti tashkiloti inspektoriga gaz hajmini qayd etishga ruxsat bermaydi. Biroq, “Hududgaz” metrologiya filiali va “Hududgaz Fargʻona” gaz taʼminoti filiali xodimlari bilan birgalikda oʻtkazilgan tekshiruv davomida isteʼmolchi oʻzboshimchalik bilan 140 tonnalik ohak pechini loyihasiz qurib olgani va tabiiy gazdan noqonuniy foydalanganligi aniqlandi. Shu bilan, mazkur isteʼmolchi qoʻshimcha 419 ming kubometrdan ortiq gaz sarflab yuborgan.
Yana bir holat. Viloyatning Oʻzbekiston tumani “Qoratepa” qishlogʻida joylashgan “ Kokand Higher Lime ” ohak ishlab chiqarish sexida gaz taʼminoti korxonasi xodimlari tomonidan TDS-80/400 gaz hisoblagichining ishlashiga noqonuniy texnik aralashuvlar aniqlandi, bu esa undagi koʻrsatkichlar noaniq boʻlishiga olib kelgan. Bundan tashqari, sexda hisobga olinmagan ikkita ohaktosh pechidan foydalanilayotgani aniqlandi. Tekshirilganda ularda 82 ta nostandart gorelkalar oʻrnatilgani aniqlandi. Tuzilgan bayonnomaga koʻra, mazkur sex tomonidan noqonuniy foydalanilgan gaz hajmi 869 ming kubometrdan oshdi.
Huddi shunday qoidabuzarliklar Quva viloyatidagi “Quva oqtosh KUBBO” MCHJ, Oʻzbekiston viloyatining “Yangiqishlok” qishlogʻida joylashgan “Izvest belosnejnaya” MCHJda ham qayd etilgan. “Toʻlash” aholi punktida joylashgan “Akoda” (N.Rasulov) va “Axror Abbos kelajagi” MCHJlaridagi gaz hisoblagichlarida majburiy muhrlanishi kerak boʻlgan joylarda maxsus muhrlar yoʻqligi va Quvasoydagi “Muhammad Azizbek” va “Obod fayoz qurilish sari” xususiy korxonalari gaz hisoblagichlarida manipulyatsiya oʻtkazib kelganliklari aniqlandi. Bundan tashqari, oʻlchash moslamalarining ruxsat etilgan ish koʻrsatgichidan pastligi bilan bogʻliq holatlar aniqlangani sababli, Uchkoʻprik tumanidagi “Dolina Grand” va “DEO Tekstil” MCHJlar, Fargʻonadagi “Quvasoy naslli parranda” masʼuliyati cheklangan jamiyatlari va boshqalarda gaz hajmi qayta hisoblab chiqildi.
Umuman olganda, yuqorida qayd etilgan xoʻjalik yurituvchi subyektlar tomonidan qiymati 1 milliard 353 million soʻmdan ortiq boʻlgan 1 million 353 ming kubometrdan ziyod tabiiy gazni hisobga olmay isteʼmol qilishga yoʻl qoʻyildi.
Tekshiruvlar Fargʻona viloyatidagi AYOQSHlarda ham oʻtkazildi. “Oʻzstandart” agentligining “Oʻzbekiston milliy metrologiya instituti” DK Fargʻona filiali va “Hududgaz metrologiya” filiali vakillari tomonidan “Fargʻona markaziy metan” AYOQSHda (vakillar ishtirok etgan) oʻtkazilgan navbatdagi tekshiruvda “AutoPILOT PRO” gaz hisoblagichi koʻrsatkichlarni sezilarli darajada past va ortiqcha hisoblagani aniqlandi. Shu sababli, ushbu gaz hisoblagich ishlatishga yaroqsiz deb topildi va isteʼmolchiga oʻlchov vositasining yaroqsizligi toʻgʻrisida xabarnoma berildi. Qayta hisoblangan gaz hajm 398,2 ming kubometrni tashkil etdi.
Shuningdek, “Trassa gaz kapital-1” va “Trassa gaz kapital-2” AYOQSHlardagi gaz hisoblash moslamalari maʼlum soatlarda gazning haroratini ruxsat etilgan koʻrsatgichdan yuqori yaʼni, 60-70 °C oʻrnatib olingan. Ushbu davr uchun “Trassa gaz kapital-1” AYOQSHda qayta hisoblangan gaz hajmi taxminan 71,5 ming kubometrni, “Trassa gaz kapital-2” AYOQSHda esa 50,8 ming kubometrni tashkil etdi.
Bundan tashqari, “Shafov MS” AYOQSHga tegishli oʻlchov majmuasini tekshirilganda, gaz hisoblagichga taʼsir qilish mumkin boʻlgan joyda muhr buzilganligi aniqlanib, ushbu fakt boʻyicha isteʼmolchi ishtirokida dalolatnoma tuzildi.
Koʻrsatkichlarni qayd etish, muhrlar butunligi va gaz hisoblagichlarining texnik holatini tekshirish boʻyicha belgilangan tartib mavjud boʻlishiga qaramay, ishlab chiqarish obyektlariga kelgan inspektorlarga vazifalarini bajarish uchun turli xil toʻsiqlar yaratilishi, oʻz nomlariga nisbatan norozilik va maʼnaviy-ruhiy bosim koʻrsatilishi kabi holatlar ham mavjud ekanligi aniqlandi.
Qayd etilgan qonunbuzarliklar boʻyicha barcha materiallar huquqni muhofaza qilish idoralariga topshirildi. Shu kabi boshqa holatlarni aniqlash boʻyicha tekshiruvlar esa davom etmoqda. Belgilangan tartiblarni chetlab oʻtib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishda ishtirok etgan “Hududgaz Fargʻona” GTFning mansabdor shaxslariga nisbatan, “Hududgaztaʼminot” AJ rahbariyati tomonidan amaldagi qonunchilikka muvofiq javobgarlikka tortish boʻyicha choralar koʻriladi.
Fursatdan foydalanib, “Hududgaztaʼminot” AJ isteʼmolchilardan qonun talablariga rioya qilishni soʻraydi. Chunki bugungi zamonaviy texnologiyalar barcha kamchiliklarni aniqlashga imkon yaratish bilan bir qatorda, gaz isteʼmoli hamda hisobga olish tizimida sodir boʻlayotgan huquqbuzarliklarni yashirilishiga yoʻl qoʻymaydi. Bundan tashqari, nostandart gaz uskunalaridan foydalanish va obyektni gaz bilan taʼminlash boʻyicha loyihadan chetga chiqishni oldini olish, energiya va moliyaviy resurslardan oqilona foydalanish uchun energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishga alohida eʼtibor qaratish lozim.
“Hududgaztaʼminot” AJ matbuot xizmati