Fargʻona viloyatida “Mening Fargʻonam” interaktiv portali joriy etildi

    Raqamlashtirish 24 Mart 2023 9961

    Bu orqali fuqarolar muammoni 2-3 amal bilan davlat tashkilotlariga yetkazib berish imkoniyatiga ega boʻladi.

    Fargʻona viloyati hokimligi aholi manfaatlari uchun moʻljallangan “Mening Fargʻonam” interaktiv portalini joriy etdi.

    Taʼkidlanishicha, ushbu portal oʻzida ijtimoiy muammolarga tezkor yechim topish, fuqarolar tomonidan dolzarb boʻlgan masalalar yuzasidan takliflarni qabul qilish, soʻrovnomalar, interaktiv murojaatlar yuborish, sektor rahbarlari faoliyati bilan aholi qatlamini tanishtirib borish, aholi salomatligini oʻrganish, boshqaruv servis kompaniyalari faoliyati va virtual turizm dasturlarini oʻz ichiga oladi.

    Portalning dastlabki “Onlayn nazorat” tizimi foydalanishga topshirildi. Viloyat aholisi hamda mehmonlariga faol fuqaro sifatida maishiy muammolarini davlat tashkilotlariga toʻgʻridan toʻgʻri yetkazib berish va ish jarayonini kuzatib borish imkoniyati yaratildi.

    Tizimdan istalgan platformalar yordamida qulay foydalanishlari mumkin! Endi fuqarolar muammoni 2-3 amal bilan davlat tashkilotlariga yetkazib berish imkoniyatiga ega.