Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Xitoyning “Fht Future Technology” kompaniyasi vakillari Li Venjin va Chen Xingyang hamda kompaniyaning mamlakatimizdagi hamkorlaridan iborat investorlar guruhini qabul qildi.

Kompaniya ijrochi direktori Li Venjin Fargʻona viloyatida amalga oshirish rejalashtirilayotgan yirik investitsiya loyihasini taqdim etdi.

Loyihaga koʻra, “Fht Future Technology” kompaniyasi Fargʻona viloyatida 25 gektar maydonda innovatsion texnopark hamda 350 million dollar investitsiya hisobiga 500 gektar maydonda quyosh fotoelektr stansiyasi barpo etishni rejalashtirmoqda. Ishlab chiqarilgan elektr energiyasini texnoparkda joylashtiriladigan xorijiy korxonalarni taʼminlashga yoʻnaltirish koʻzda tutilgan.

Texnoparkda zamonaviy innovatsion texnologiyalarga asoslangan mahsulotlar, shu jumladan, dasturiy mahsulotlar va axborot texnologiyalari ishlab chiqarish maqsad qilingan. Shuningdek, yuqori sifatli sement ishlab chiqarish loyihasi ham oʻrin olgan.

Viloyat hokimi loyihaning har bir bandi boʻyicha hamkorlikda ish olib borish yuzasidan investorlar vakillari va viloyat mutasaddilaridan iborat ishchi guruh tuzish taklifini bildirdi. Shuningdek, choʻl zonalardagi qum va toshloq, suvsiz yerlarda loyihani amalga oshirish imkoniyatlarini oʻrganish boʻyicha koʻrsatma berdi.

Hamkorlikda muzokaralarni davom ettirish boʻyicha kelishib olindi.