Fargʻona viloyatida umumiy qiymati 238,3 mln. dollarlik loyihalar roʻyobga chiqariladi

    “Oʻzsanoatqurilishmateriallari” uyushmasi va Fargʻona viloyati hokimligi hamkorligida qurilish materiallari tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha bir qator ishlar amalga oshirilmoqda.

    Xususan, xorijiy investorlar ishtirokida yirik loyihalari amalga oshirilmoqda, yangi quvvatlar ishga tushirilyapti.

    Tahlillarga koʻra, viloyatda qurilish materiallari sanoatida faoliyat yuritayotgan korxonalar tomonidan 2021-yilda 2,6 trln. soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqarilgan. 2021-2023-yillarda esa qurilish materiallari ishlab chiqarish maqsadida tijorat banklari bilan birga qiymati 630,1 mln. dollar boʻlgan 172 ta loyihalar shakllantirilgan boʻlib, ushbu loyihalar amalga oshirilishi natijasida 7 175 ta yangi ish oʻrinlari yaratilishi rejalashtirilgan. Bugunga qadar 16 ta loyihaga 42,7 mln. dollar kredit mablagʻlari ajratib berilgan. Shundan joriy yilda qiymati 238,3 mln. dollar boʻlgan 79 ta loyiha amalga oshirilishi natijasida 2 760 kishining bandligi taʼminlanadi.

    Qurilish materiallari eksporti 2021-yilda respublika boʻyicha jami 438 mln. dollarni tashkil etgan boʻlsa, shuning 18,8 million dollari Fargʻona viloyatigi hissasiga toʻgʻri keladi. Yaʼni oʻtgan yilda viloyatdan 6,1 mln. dollarlik keramika mahsulotlari, 5 mln dollarlik sement va bogʻlovchi materiallar, 3,2 mln. dollarlik oyna va oyna mahsulotlari, 3 mln dollarlik PVX quvurlar, profil va plastmassa buyumlar, 720 ming dollarlik metall buyumlar, 410,3 ming dollarlik gulqogʻoz va boshqa buyumlar qoʻshni davlatlarga yetkazib berilgan.