Fargʻona viloyatining “Uch avlod uchrashuvi” qoʻshni mamlakatlar vakillari ishtirokida boʻlib oʻtdi

    Mamlakatimizda 4 Sentabr 2021 1549

    Fargʻona tumanidagi Logʻon qishlogʻida doʻstlik va totuvlikda hayot kechirayotgan turli millat va elatlar vakillari ishtirokida “Uch avlod uchrashuvi” boʻlib oʻtdi.

    Tadbirda Tojikistonning viloyatimiz bilan chegaradosh Soʻgʻd viloyati hamda Qirgʻizistonning Batken viloyatidan kelgan koʻp sonli mehmonlar, shuningdek viloyatda faoliyat olib borayotgan 8 ta milliy madaniy markazlar rahbarlari va faollari ham ishtirok etdi.

    Doʻstlik, birodarlik ruhi, ahil qoʻshnichilik munosabati – tinchlik-osoyishtalik kafolati. 4 millionga yaqin aholi istiqomat qiladigan Fargʻona viloyatida 400 ming atrofida oʻnlab millat va elat vakillari ahil hayot kechiradi. Logʻonda boʻlib oʻtgan “Uch avlod uchrashuvi” ham millatlararo totuvlik, ogʻa-inilik rishtalarini mustahkamladi. Avlodlar oʻrtasidagi yana bir oʻziga xos koʻprik boʻldi.

    Viloyatimizga tashriflarini Margʻilondagi “Hunarmandlar markazi” faoliyati, u yerda tayyorlanayotgan matolar, milliy liboslar, xotin-qizlar bandligini taʼminlash chora-tadbirlari bilan tanishishdan boshlagan qirgʻizistonlik va tojikistonlik mehmonlar, Logʻonda “Bahodir Logʻon tekstil” qoʻshma korxonasini koʻzdan kechirib, bu yerda ip-kalava ishlab chiqarish jarayonlarini kuzatdilar. “Vodiy shoes” MCHJ qoʻshma korxonasida esa erkak va ayollar, bolalar uchun yuqori sifatli poyabzallar tayyorlanayotganligi qirgʻiz va tojik delegatsiyasi aʼzolarida katta taassurot qoldirdi.

    Yangi tashkil etilgan mahalla guzari oldida milliy hunarmandchilik mahsulotlari hamda viloyatimizda ishlab chiqarilayotgan sanoat va qishloq xoʻjaligi mahsulotlari koʻrgazmalari tashkil etildi. Joyning oʻzida Fargʻonada faoliyat olib borayotgan milliy madaniy markazlar, folklor jamoalari oʻz chiqishlarini namoyish qildilar. Turli tillarda yangragan kuy-qoʻshiqlar, lapar va oʻlanlar yigʻilganlarga bayram shukuhini hadya etdi.

    Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Davlat maslahatchisi Tursunxon Xudoyberganov, viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, Qirgʻizistonning Oʻzbekistondagi elchisi Ibrohim Junusov, Tojikistonning Oʻzbekistondagi elchisi Abdujabbor Rahmonzoda, Fargʻona viloyatining keksa-nuroniylari, faol yigit-qizlari, turli millatlar vakillari ishtirokida oʻtgan anjumanda soʻz olganlar uch avlod uchrashuvi mazmun-mohiyati, katta avlod vakillarining bosib oʻtgan yoʻli yoshlarga doimo ibrat boʻlishi zarurligini tilga oldilar. Davlatimiz rahbarining puxta oʻylangan oqilona siyosati natijasida koʻpmillatli xalqimizning birligi va jipsligi yanada kuchayib, yurtimizda istiqomat qilayotgan barcha elu elat vakillarining oʻziga xos madaniyati, urf-odatlariga hurmat va eʼtibor oshayotgani mamnuniyat bilan qayta-qayta taʼkidlandi.

    Viloyatda turli masʼul lavozimlarda fidokorona mehnat qilgan, bugun keksalik gashtini surayotgan faxriylar nomlari birma-bir sanab oʻtildi. Ayni paytda bugungi kunda ijtimoiy-siyosiy hayotda faol va tashabbuskor boʻlayotgan yoshlar ismlari tilga olindi.

    Qirgʻiziston va Tojikistondan kelgan mehmonlar ham oʻzaro aloqalar turli jabhalarda kundan kunga mustahkamlanib borayotganligini, bu tinchlik-osoyishtalikni taʼminlashda, iqtisodiyot rivojlanishida muhim ahamiyat kasb etishini eʼtirof etdi.

    Tadbirda yurtimizdagi taniqli sanʼat ustalari ishtirokida konsert dasturi boʻlib oʻtdi. Unda qoʻshni Qirgʻiziston hamda Tojikistondan kelgan qoʻshiqchilar ham oʻz ijrolari, milliy qoʻshiqlari bilan barchaga koʻtarinki kayfiyat ulashdilar. Kuy-qoʻshiqlar oʻyin -kulgu va raqslarga ulanib ketdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.