Bu haqda “Oʻzbekneftgaz” axborot xizmati maʼlum qildi.
Taʼkidlanishicha, Fargʻona vodiysida avtomobillarga gaz quyish shoxobchalari faoliyatiga qoʻyilgan vaqtinchalik cheklovlar sababli Andijon, Namangan va Fargʻona viloyati isteʼmolchilarining avtobenzinga boʻlgan talabi taklifga nisbatan keskin oshdi.
Yuzaga kelgan mazkur ortiqcha talablarni qondirish maqsadida bugungi kunda Buxoro va Fargʻona neftni qayta ishlash zavodlarining avtobenzin ishlab chiqarish quvvatlari 3,3 ming tonnadan 4,0 ming tonnaga oshirildi yoki oʻrtacha kunlik 700 tonna qoʻshimcha avtobenzin ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyildi.
Shuningdek, Rossiya Federatsiyasidan import asosida “SDK Group And” korxonasi tomonidan olib kelinayotgan AI-92 K5 rusumidagi avtobenzin hajmi oshirildi.
Bu bilan ichki bozorda birja savdolariga chiqariladigan avtobenzin miqdori savdosini oshirishga erishildi.
Oʻtgan 2022-2023-yilgi anomal sovuq davridagi talablardan kelib chiqib, Fargʻona vodiysidagi AYOQSHlarga yetkazib beriladigan kunlik avtobenzin hajmi 400 tonnadan oʻrtacha 800 tonnaga oshirildi.
Buning uchun talab etiladigan 7,8 ming tonna avtobenzin zaxirasi Fargʻona vodiysi uchun safarbar etildi.
Yuqoridagilardan tashqari, Fargʻona neftni qayta ishlash zavodi tomonidan ishlab chiqarilgan avtobenzinning asosiy qismi Fargʻona vodiysi isteʼmolchilariga yetkazib berilishi taʼminlanmoqda.
Joriy oyning 13 sanasida “Oʻzbekneftgaz” jamiyati tomonidan Fargʻona vodiysidagi AYOQSHlarga jami 929 tonna jumladan, Andijon viloyatida 503 tonna, Namangan viloyatida 202 tonna va Fargʻona viloyatida 224 tonna avtobenzin yetkazib berildi.
Isteʼmolchilarga qulaylik yaratish maqsadida Fargʻona vodiysida “call centre” ishga tushirildi. Endi isteʼmolchilar haftaning 7 kuni davomida soat 08:00 dan 20:00 gacha neft bazalar bilan bogʻlanib, avtobenzin taʼminoti boʻyicha maʼlumot olishlari mumkin boʻladi.
Andijon viloyati – (90) 759-00-27;
Namangan viloyati – (97) 251-70-00;
Fargʻona viloyati – (73) 244-78-80.