— Yoshim 65 da. Qoʻqon shahrining Oq oltin MFY da istiqomat qilaman. Hozirda xalq deputatlari Qoʻqon shahar Kengashi deputatiman, — deydi Avazbek Mazaidov. — Bir necha yil avval mahallada oqsoqol boʻlib ishlaganimda, minglab fuqarolarga huquqiy koʻmak juda zarurligini anglaganman. Oʻshanda oʻz mahallamda bepul yuridik maslahat beruvchi nodavlat tashkilot ochishni maqsad qilgandim. Yuridik texnikumni tamomlaganim ana shu maqsadlarimning debochasi. Bir oy avval mahallada mutlaqo bepul boʻlgan yuridik markaz ochdim. Shu qisqa muddatda esa boshiga ish tushgan, muammoli vaziyatda boʻlgan mahalladoshlarimning 20 nafariga huquqiy koʻmak koʻrsatdim. Baʼzilar bu harakatlarimni qandaydir moddiy manfaatlar bilan bogʻladi. Aslida unday emas. Koʻplab tadbirkorlik subyektlarim bor. Ehtiyojimga yetarli. Shunchaki, xalqimga, mahalladoshlarimga beminnat va bepul xizmat qilmoqchiman.
Maʼlumot oʻrnida aytish mumkinki, 15 yil avval oʻz faoliyatini boshlagan Fargʻona yuridik texnikumi shu kungacha mehnat bozoriga 3 mingdan ortiq huquqshunos kadrlarni yetkazib berdi. Eʼtiborlisi, ularning 65 foizi ayni damda oʻz mutaxassisliklari boʻyicha faoliyat olib boryapti.
Elyorjon Eksanov,
Fargʻona viloyat adliya boshqarmasi
jamoatchilik bilan ishlash boʻyicha
yetakchi maslahatchisi.