“Fargʻonaazot” Singapurning Indorama Corporation kompaniyasiga 140 million dollarga sotilmoqda

    Xalqaro hamkorlik 18 Yanvar 2023 1628

    Davlat aktivlarini boshqarish agentligi “Fargʻonaazot” ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketini xususiylashtirish boʻyicha Indorama Corporation (Singapur) kompaniyasi bilan kelishuvga erishilganini maʼlum qildi.

    Joriy yil 16-yanvar kuni Prezident Shavkat Mirziyoyevning Singapurga davlat tashrifi arafasida Singapurda tashkil etilgan Biznes-forumda “Fargʻonaazot” ustav kapitalidagi 99,02 foiz davlat aksiyalar paketi boʻyicha oldi-sotdi shartnomasining asosiy shartlari (Term sheet) toʻgʻrisidagi Kelishuv imzolandi.

    Xususiylashtirish jarayoniga Deloitte xalqaro konsalting kompaniyasi yetakchi konsultant, Xalqaro Moliya Korporatsiyasi (IFC) strategik maslahatchi, KPMG xalqaro konsalting kompaniyasi esa mustaqil baholovchi sifatida jalb etildi.

    Eng maqbul taklif Singapurning Indorama Corporation kompaniyasi tomonidan taqdim etildi. Taklifga koʻra, sotib olish qiymati qariyb 140 million dollar (130 mln. dollar va 107 mlrd. soʻm)ni tashkil etadi.

    Shuningdek, investor tomonidan korxonani modernizatsiya qilish uchun 100 million dollar miqdoridagi investitsiya kiritish majburiyati olinadi.

    Kelishilgan shartlarga koʻra, Investorning majburiyatlariga Korxonaning barcha joriy ijtimoiy dasturlarini saqlab qolinishi, jumladan, xodimlar sonini va ish haqlarini qisqartirmaslik, xodimlarning malakasini oshirish hamda zamonaviy ekologik nazorat tizimini ishlab chiqish kiradi.

    Korxonani xususiylashtirish natijalari Davlat mulkini sotishda tender savdolarini oʻtkazish boʻyicha davlat komissiyasining tegishli qarori bilan maʼqullangan.

    Bitimni toʻliq yakunlash uchun, Korxonaga ishlab chiqarish maqsadlari lozim boʻlgan ehtiyojlarni, shu jumladan, ishlab chiqariladigan mahsulotlarning erkin bozorini yoʻlga qoʻyish va tabiiy gaz taʼminoti kabi masalalarning normativ huquqiy yechimini taʼminlash zarur boʻladi.