Internet ijtimoiy tarmoqlarida tarqalgan yosh bolalar “Gentra” rusumli avtomobilni old qismini yoqib yuborishganligi tasvirlangan videoxabar viloyat IIB tomonidan oʻrganib chiqildi, deya xabar berdi Fargʻona viloyati IIB Axborot xizmati.

Maʼlum boʻlishicha, 2022-yilning 21-dekabr kuni Qoʻqon shahar 33-umumtaʼlim maktabining 3-sinf oʻquvchilari voyaga yetmagan M.U., A.U hamda A.B.lar shaharning A.Navoiy mavzesidagi savdo doʻkoni oldida oʻzlarida boʻlgan gugurt choʻpini yoqib, shu yerda turgan, “Gentra” rusumli avtomashinaning old qismiga qistirib ketishgan. Natijada, avtomashinada yongʻin chiqib, moddiy zarar yetkazilgan.

Shunday boʻlsada, avtomashina egasi fuqaro D.S ichki ishlar organlariga bu haqida murojaat qilmaganligi aniqlandi.

Mazkur holat Qoʻqon shahar IIB tomonidan tegishli tartibda roʻyxatga olinib, voyaga yetmagan shaxslarning ota-onalari M.Yu., A.Y va I.A. larga nisbatan maʼmuriy tartibda hujjatlar rasmiylashtirildi.

Avtomashinaga yetkazilgan moddiy zarar qoplandi.