Eski aerodom hududidan 150 metrlik muhofaza zonasi qoldirgan holda 24 ming ishchi oʻrni yaratiladigan kichik sanoat hududi joylashtiriladigan, soʻngra 10 gektar maydondan iborat yashil hudud bilan qoplanib, 40 ming aholiga moʻljallangan 7-25 qavatli 313 ta koʻp qavatli turar-joylar va ijtimoiy obyektlar bilan davom etadigan Ekoshahar loyihasi jami 300 gektar maydonda amalga oshiriladi.
Viloyat hokimi, loyihani takomillashtirish yuzasidan oʻz fikrlarini bildirib, shaharchaga keladigan asosiy yoʻllarni kelajakda ham yetarli kenglikda boʻlishini, qurilishi rejalashtirilayotgan maktab, bogʻcha hamda boshqa ijtimoiy obyektlarning kutilayotgan aholi soniga mutanosib xizmat koʻrsata olishi lozimligini, sanoat hududida joylashtiriladigan ishlab chiqarish korxonalarining ekoshahar konsepsiyasiga uygʻun shaklda ekologik toza texnologiyalarga asoslangan boʻlishini taʼminlash yuzasidan koʻrsatmalar berdi.
Xayrullo Bozorov, masʼullarga ushbu shaharchaning oʻrtasidan oqib oʻtishi rejalashtirilgan kanalni qazish ishlariga kirishish, shaharchadagi yashil maydon hududlarini rejasini belgilab, Ekoshaharning obodonlashtirish loyihasini ishlab chiqish, bunda yashil maydonlar va daraxtzor orasida sayr qilish va velosport bilan shugʻullanish uchun yoʻlakchalar boʻlishini hisobga olish, kichik sanoat hududini 50 sotixdan lotlarga ajratib, tashabbuskorlarni aniqlash hamda onlayn auksion orqali savdoga chiqarish va boshqa topshiriqlarni belgilab berdi.