Qayd etilishicha, Sanepidqoʻmita Fargʻona viloyati boshqarmasi Oʻzbekiston tumani boʻlimiga 2024-yil 6-noyabr kuni soat 11:30larda tuman Tibbiyot birlashmasiga qarashli Yuqumli kasalliklar boʻlimiga 4 nafar bemorni oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi tashxisi bilan yotqizilganligi yuzasidan xabar berilgan.
Maʼlumotlarga koʻra, bemorlarning 2 nafari 2024-yil 5-noyabr kuni tushlik vaqtida Oʻzbekiston tumani “Yaypanbozorbosh“ MFY, Ibn Sino koʻchasida faoliyat olib borayotgan “Fast-Food” mahsuloti tayyorlab sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini isteʼmol qilganligi, yana 2 nafar bemor esa ushbu tumanning “Oqtepa“ MFY, “Turkiston“ koʻchasida faoliyat olib borayotgan “OQTEPA MINI FOOD“ nomli “Fast-Food” mahsuloti tayyorlab, sotish shoxobchasida xot-dog mahsulotini isteʼmol qilganligi maʼlum boʻldi.
Hozirda bemorlar shifoxonada shifokorlar tomonidan tibbiy koʻrikdan oʻtkazilib, “Oshqozon-ichak faoliyatining funksiyasini buzilishi“ tashxisi bilan boʻlimga yotqizildi. Bemorlarning umumiy holati qoniqarli.
Ushbu holat Sanepidqoʻmita mutaxassislari tomonidan toʻliq nazoratga olingan. Oʻrganish ishlari davom ettirilmoqda.