Ijtimoiy tarmoqlarda Farg'ona shahridagi davlat bog'chalarida bolalarning ommaviy zaharlanishi yuz berganligi yuzasidan tarqalgan xabarlar bo'yicha quyidagilarni ma'lum qilamiz, deyiladi axborotda. 

Farg'ona viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 21.02.2026 yil soat 19:00 dan boshlab Farg'ona shahar hududida joylashgan 2-sonli, 58-sonli va 61-sonli maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari tana haroratini ko'tarilishi, qorinda og'riq, holsizlik, ko'ngil aynishi, ich o'tishi belgilari bilan murojaat bilan kelishgan.

Aniqlanishicha bemorlarda qorin sohasida og'riq, ich ketishi, haroratni ko'tarilishi, ko'ngil aynishi kabi sog'lig'ida salbiy holatlar kuzatilgan. Shifoxonada davolovchi vrachlar tomonidan bemorlar tibbiy ko'rikdan o'tkazilib, “O'tkir diareya kasalligi, alimentar etiologiyali” tashxisi bilan diyareya bo'limiga yotqizilgan.

Ma'lumotga ko'ra, hozirda bo'limda 62 nafar bemorlar statsionar davolanayotgan bo'lib, holati yaxshi. 

Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi boshqarmasi mutaxassislari bog'chalarning oshxonalarida va ovqat etkazib beruvchi korxonada tekshiruvlar o'tkazib, bolalar iste'mol qilgan taomlardan laboratoriya namunalari olib tekshirayotgani ma'lum qilingan.