Fargʻonada aholi uchun koʻp qavatli turar-joylar qurilishida turk qurilish kompaniyasi ham ishtirok etadi

    Investitsiyalar 30 Aprel 2021 548

    Fargʻona viloyati hokimligida Turkiyaning “Bend Engineering Company” qurilish kompaniyasi bosh direktori Sedat Emirler bilan uchrashuv boʻlib oʻtdi.

    Turkiyalik mehmon dastlab qurilish sohasida shu kunga qadar amalga oshirib kelingan loyihalari haqida maʼlumot berdi.

    Muloqot davomida oʻzgarayotgan Fargʻona, unda zamon talablari darjasidagi bino-inshootlarni, biznes markazlar va mehmonxonalarni qurish, aholini arzon, sifatli uy-joyga boʻlgan ehtiyojini taʼminlash borasidagi ishlar toʻgʻrisida oʻzaro fikr-mulohazalar almashildi.

    - Turkiyadan mutaxassislarni olib kelamiz. Ular Yevropa davlatlarida ham tajriba orttirib kelishgan. Sifatli ish tashkil etish uchun barcha masʼuliyatni oʻz zimmamizga olamiz, chora-tadbirlarni koʻramiz, - dedi Sedat Emirler.

    Shuningdek, uchrashuvda yangi qurilayotgan uylarning kvadrat metri 4 million soʻmdan oshmasligi zarurligi alohida taʼkidlandi.

    Ilk bosqichda turkiyaliklar mahalliy qurilish kompaniyalari bilan birga ilgʻor jahon tajribalariga tayanib, zamonaviy 7 qavatli turar-joyni qurib, oʻz egalariga topshirishadi. Shundan soʻng yangi loyihalar yuzasidan kelishuvlar amalga oshiriladi.