Toshkent shahrining turli tumanlarida noqonuniy diniy taʼlim berish holatlari qayd etildi.
Qashqadaryo viloyatining Dehqonobod tumanida yashovchi, 1993-yilda tugʻilgan fuqaro Olmazor tumanidagi “Jiydali” mahallasida vaqtincha yashab, 2025-yil may oyidan buyon 15 nafar yoshlarga noqonuniy diniy taʼlim berib kelgan. U shunga yarasha har bir oʻquvchidan 150 AQSH dollari miqdorida haq olgan. Aniqlanishicha, oʻquvchilarning koʻpchiligi — turli viloyatlardan kelgan 2004–2014-yillarda tugʻilgan shaxslar boʻlib, ularning 11 nafari voyaga yetmagan. Ular orasida 3-yildan buyon maktabga bormayotgan oʻquvchi ham mavjud.
Xuddi shu mahallada ijaraga olingan yana bir xonadonda Mirzo Ulugʻbek tumanida yashovchi, 1977-yilda tugʻilgan fuqaro tomonidan ham noqonuniy diniy taʼlim berish holati qayd etildi.
U 10 nafar voyaga yetmagan bolalarga dars bergani, evaziga har biridan 100 AQSH dollari hamda yegulik sifatida oziq-ovqat talab qilgani maʼlum qilindi. Shuningdek, ushbu shaxs bolalarni huquqni muhofaza qiluvchi organlardan yashirish maqsadida xonadonda qoʻlbola yertoʻla qurdirgan. U temir qopqoq va tosh-qum bilan yopilgan boʻlib, bolalar xavfsizligi jiddiy xavf ostiga qoʻyilgan.
Har ikki holat boʻyicha mahalla fuqarolar yigʻinida sayyor sud majlisi oʻtkazilib, mazkur shaxslar Maʼmuriy javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 241-moddasi asosida javobgarlikka tortildi. Shu bilan birga, ular maxsus gologrammaga ega boʻlmagan, norasmiy chop etilgan diniy mavzudagi adabiyotlar va qoʻlyozmalardan foydalangani aniqlandi.
Fargʻona viloyatida oʻtkazilgan tezkor tadbirlar davomida ham diniy mazmundagi materiallarni qonunga xilof ravishda tayyorlash holati fosh etildi.
Buvayda tumanida yashovchi, 1991-yilda tugʻilgan fuqaro oʻz yashash xonadoni va ovqatlanish shoxobchasida bosmaxona tashkil qilgan. U yerda diniy mazmundagi kitoblarni chop etib, Toshkent shahri hamda Toshkent va Samarqand viloyatlaridagi kitob doʻkonlariga yetkazib bergan.
Tadbir davomida 1210 dona tayyor kitob, 2000 dona yarim tayyor bosma mahsuloti hamda 6 ta chop etish uskunasi ashyoviy dalil sifatida rasmiylashtirib olindi.
Mazkur shaxs avval ham — 2024-yil iyul oyida — diniy kitoblarni noqonuniy chop etgani uchun maʼmuriy javobgarlikka tortilgan boʻlib, shunga qaramay faoliyatini qayta davom ettirgan. Hozirda unga nisbatan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuni alohida taʼkidlash lozimki, Oʻzbekiston Respublikasi hududida diniy mazmundagi materiallarni tayyorlash, olib kirish va tarqatish faqatgina dinshunoslik ekspertizasining ijobiy xulosasi olinganidan soʻng, belgilangan tartibda amalga oshirilishi mumkin.
Bu tartib Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi. Bu qoidalar jamiyatda konfessiyalararo totuvlik, diniy bagʻrikenglik va xavfsizlikni taʼminlashga qaratilgandir.