Janubiy Koreya kompaniyasi Fargʻonada smart doskalar va zaryadlovchi qurilmalar ishlab chiqaradi

    Fargʻona viloyati hokimligi Janubiy Koreyaning AHA Co., Ltd kompaniyasi bilan maktablar uchun smart doskalar hamda elektromobillar uchun zaryadlovchi stansiya qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.

    Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov boshchiligidagi viloyat delegatsiyasi Janubiy Koreyaga tashrifi davomida AHA Co., Ltd kompaniyasida boʻlib, qator uchrashuvlar oʻtkazdi, deya xabar beradi hokimlik axborot xizmati.

    Maʼlumot uchun, mazkur kompaniya 1995-yilda tashkil topgan boʻlib, taʼlim texnologiyalari (EdTech), sogʻliqni saqlash va elektr transport vositalarini (EV) zaryadlash qurilmalarini ishlab chiqarishga ixtisoslashgan.

    Kompaniyaning Yaponiya, Germaniya, Qozogʻiston va AQSHda xalqaro filiallari tashkil etilgan boʻlib, 2024-yil holatiga koʻra, kompaniyaning bozor kapitallashuvi 28,88 mln dollar, umumiy savdo daromadi 55,9 mln dollarni tashkil etdi.

    Kompaniya rahbari Ku Gi Do faoliyati haqida soʻz yuritib, soʻnggi yillardagi zamonaviy ishlab chiqarish tarmoqlari va mahsulotlari boʻyicha maʼlumot berdi. Oʻzbekistonda ham hamkorlikda biznes qilish istagi borligini bildirdi.

    Xayrullo Bozorov Fargʻonada loyihalarni amalga oshirish uchun zarur sharoitlar yaratib berilishini, hamkorlikka tayyorligini aytib oʻtdi.

    Uchrashuvda Kimpo va Koyan shaharlarining Savdo-sanoat palatasi rahbarlari, 20 mingdan ziyod tadbirkorlari borligini, Oʻzbekistonda investorlar uchun yaratilgan imkoniyatlarni tanishtirish muhimligini qayd etdi.

    Delegatsiya aʼzolari kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar koʻrgazmasi bilan tanishdilar.

    Uchrashuv yakunida AHA Co., Ltd kompaniyasi bilan viloyatimizda maktablar uchun smart doskalar hamda elektromobillar uchun zaryadlovchi stansiya qurilmalarini ishlab chiqarish boʻyicha hamkorlik memorandumi imzolandi.