Farg‘ona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov Afg‘onistonning «Kam Air» kompaniyasi rahbari Omar Muhammad Sulaymon boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi. Uchrashuvda «Uzbekistan Airports» AJ Tijoriy faoliyat departamenti boshlig‘i Timur Xalilov ham ishtirok etdi.

Muloqotda 26–27 iyul kunlari Farg‘ona viloyati delegatsiyasining Afg‘onistonga tashrifi davomida erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish, shuningdek, aviatsiya sohasida hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Xususan, Farg‘onada yangi xalqaro aviakompaniya tashkil etish tashabbusi yuzasidan fikr almashildi. Loyihani amalga oshirish uchun mavjud imkoniyatlar, zarur infratuzilmani shakllantirish va xizmat ko‘rsatish tizimini yo‘lga qo‘yish masalalari ko‘rib chiqildi.

Loyihani amaliy bosqichga olib chiqish uchun tegishli tashkilotlar va mutaxassislar ishtirokida ishlarni xalqaro standartlar asosida tashkil etish chora-tadbirlariqa alohida e’tibor qaratildi.

Uchrashuv yakunida hamkorlikning istiqbolli yo‘nalishlari bo‘yicha keyingi qadamlar kelishib olindi.