Uchrashuvda Fargʻona shahrida Koreya Respublikasining grant mablagʻlari asosida tashkil etilgan, mehnat bozorida talab yuqori boʻlgan mutaxassislar tayyorlovchi kasb-hunarga oʻqitish markazi faoliyatini yuqori darajada yoʻlga qoʻyish masalasi muhokama qilindi.

Ushbu markaz uchun Fargʻona shahrida oʻquv binosi, yotoqxona, oshxona va sport zali qurish maqsadida 2 gektar yer maydoni ajratilib, KOICAning Oʻzbekistondagi ofisida Fargʻona loyihasi boʻyicha qoʻshimcha kelishuv memorandumi imzolangandi. Koreya tomonidan ushbu loyiha uchun 9 million 320 ming dollar miqdorida investitsiya kiritildi.

Markazda 5 ta yoʻnalish (elektr menejmenti, avtomobilsozlik, axborot texnologiyalari, kosmetologiya va tikuvchilik) boʻyicha kasbiy taʼlim yoʻlga qoʻyiladi. Hozirda bu yerda Koreya Respublikasidan zamonaviy oʻquv-amaliyot jihozlari olib kelinib, oʻrnatish ishlari yakunlandi. Yaqin kunlarda oʻquv jarayonlari boshlanadi.

Amaliyotga asosiy eʼtibor qaratilgan oʻquv markazida bir yilda 480 nafar ishsiz fuqaroni kasbga oʻqitish imkoniyati mavjud. Oʻquvchilar 6-8 oylik kurslarda kasbiy taʼlim oladi. Viloyat hokimining oʻquv jarayonlarini ikki smenada tashkil etish orqali markazda oʻquvchilar sonini ikki barobarga oshirish, shuningdek mavjud taʼlim imkoniyatlaridan toʻla foydalanish uchun qoʻshimcha qisqa kurslar tashkil etish boʻyicha taklifi KOICAning Oʻzbekistondagi ofisi direktori tomonidan toʻla maʼqullandi.

Uchrashuvda Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi departamenti boshligʻi Ilhomjon Abrorov ham ishtirok etdi, deb xabar beradi Fargʻona viloyati hokimligi matbuot xizmati.