Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov tomonidan Fargʻona shahridagi Doʻstlik hamda Gulzor mahallalarida aholi yashash sharoitlarini oʻrganish jarayonida hududda koʻp qavatli turar-joylar orasida yashil maydonlar hududidagi daraxtlar kesilgani, bolalar va sport maydonchalari buzilgani va oʻrniga yangi binolar qurilishi boshlanganiga guvoh boʻlindi.

Hududda yashovchi aholi viloyat hokimi bilan muloqot chogʻida yangi qurilayotgan binolar sababli mahallada aholi yashashi uchun noqulayliklar tugʻdirayotganini, bolalar uchun ochiq havoda oʻynashga, kattalar va keksalar uchun sayr qilishga imkoniyat qolmaganini bildirishdi.

Viloyat hokimi, birgalikda oʻrganish olib borayotgan shahar hokimi va prokuroriga bugundan eʼtiboran Fargʻona shahrida koʻp qavatli turar-joylar oʻrtasida olib borilayotgan barcha qurilishlarni toʻxtatish hamda bunday qurilishlarga ruxsat berish bilan bogʻliq qarorlarni bekor qilish yuzasidan topshiriq berdi. Poydevor uchun qazilgan kotlovanlar barchasi koʻmib tashlanadi, qurilishi yakunlashish bosqichida boʻlgan inshootlarning har birining qonuniyligi boʻyicha shahar prokuraturasi oʻrganish olib boradi. Barcha hududlarda buzib tashlangan bolalar hamda sport maydonchalari qayta tiklanadi, qurilish egalari kesilgan har bir daraxt oʻrniga 100 tupdan manzarali daraxt ekishi taʼminlanadi. Toʻxtatilgan qurilishlar oʻrniga tadbirkorlarga bino qurish uchun boshqa joydan yer maydoni taklif etiladi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.