Musobaqada respublikamizning barcha hududlaridan kelgan jami 15ta vazn toifasi boʻyicha kuchli polvonlar ishtirok etdi.
Musobaqaning soʻnggi kunida ogʻir vaznli ishtirokchilar gilamga chiqishdi. Ayollar oʻrtasida -87 kilogramm vazn toifasida Surxondaryo viloyati vakilasi Yulduz Muhammadiyeva xorazmlik Rahimaxon Yoʻldoshevani halol bahosi bilan magʻlubiyatga uchratdi. 87 kilogrammdan yuqori vazn toifasida esa poytaxtlik Sanam Erkinboyeva qashqadaryolik Obida Almadoʻstovaga hech qanday imkoniyat qoldirmadi.
Erkaklar oʻrtasida -100 kilogramm hamda undan yuqori vazn toifalarida gilamga chiqqan polvonlar oʻrtasidagi bellashuvlar ham ishqibozlarning diqqat markazida boʻldi. Unda nomdor polvonlarimizdan qashqadaryolik Sherali Joʻrayev hamda Surxondaryo farzandi Muhsin Hisomiddinov shohsupaning eng yuqori pogʻonasidan joy olishdi.
Musobaqa yakunida gʻoliblar, shuningdek Oʻzbekiston chempionatida kuchli uchlikdan joy olgan sportchilar aniqlandi, deb xabar beradi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.