Umarali Umarov va Zilola Suyarqulova Qoʻqon shahridagi Mehribonlik uyida kamol topishdi. Ular bu yerda yaxshi taʼlim-tarbiya olib, har nafaslarida Yurtboshimiz tomonidan Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari doimo eʼtibor va gʻamxoʻrlik ogʻushida ekanliklarini his etib yashadilar. Bugun bu ikki navqiron avlod Vatanimiz rivoji yoʻlida oʻz hissasini qoʻshadigan vatanparvarlardir.
Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi kotibiyati tashabbusi va viloyat hamda Qoʻqon shahar Kengashlari deputatlari homiyligida bu ikki yoshning Nikoh toʻylari oʻtkazildi.
Tadbirda soʻz olganlar ularga baxt-saodat, uzoq umr, sihat-salomatlik tiladilar.
– Davlatimiz rahbari Mehribonlik uylaridagi bolalarni oilaga yaqin muhitda tarbiyalash, bilim va maʼnaviyatli, vatanparvar insonlar etib voyaga yetkazish zarurligini kuni-kecha oʻtkazilgan yigʻilishda taʼkidladilar. Albatta, bu boradagi ishlarga biz, deputatlar ham bevosita masʼulmiz, – deydi Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi kotibiyati mudiri Nafisaxon Elchiyeva.
Deputatlar tomonidan yosh oila vakillariga roʻzgʻor uchun zarur vositalar sovgʻa qilindi.
Shohsulton Toʻxtamatov, Xalq deputatlari Fargʻona viloyati Kengashi kotibiyati matbuot kotibi.