Fargʻonada oʻz vaqtida hujjat olmagan 236 nafar bolalarga guvohnomalar berildi

    Ijtimoiy hayot 19 Yanvar 2021 2217

    Shaxsning chorasizligi, iqtisodiy nochorligi, ota-onaning birlamchi muhim hujjatlarga ega emasligi va eng asosiysi, beeʼtiborlik tufayli koʻpincha tugʻilganlik haqidagi guvohnomalar kech rasmiylashtiriladi.

    2009-yilda tugʻilgan Muslimbek Ochilovga ham Qoʻshtepa Tuman FHDYO boʻlimi tomonidan kuni kecha tugʻilganlik haqidagi dalolatnoma yozuvi qayd qilindi.

    Qoʻshtepalik 5 yoshli Zulayho Salimjonovaga esa tugʻilganlik haqidagi guvohnoma 5 yil kechikib boʻlsada, tantanali ravishda rasmiylashtirildi.

    Ota-onalari mamlakatimiz fuqarolari boʻlgan, 2014-yilning fevral oyida Rossiya Federatsiyasining Novosibirsk shahrida tavallud topgan 6 yoshli Aliyorxon Moʻminovning FHDYO organlarida tugʻilishi rasman qayd etilib unga ota-onalari ishtirokida tantanali guvohnoma topshirish marosimi tashkillandi. Bu kabi holatlarni Fargʻona viloyati misolida yuzlab keltirish mumkin.

    Viloyatida 2019-yilda turli sabablar bilan 518 ta holatda 16 yoshgacha boʻlgan bolalar tugʻilishining muddati oʻtkazilib qayd etilgan. Oʻtgan 2020-yil davomida esa targʻibot va tashviqot ishlari, mahallalarda uyma uy yurish tadbirlari samarasida ushbu holatlar 236 tani tashkil etgan va 282 taga kamaygani maʼlum boʻldi.

    — 2020-yilning yanvar-dekabr oylari davomida Fargʻona viloyatida shahar va tuman fuqarolik holati dalolatnomalarini yozish organlariga 34 mingdan ortiq yangi juftliklar rasmiy nikohdan oʻtish uchun ariza bilan murojaat qilgan, — deydi davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi boʻlim boshligʻi Shahnoza Imomova. — 34 ming 66 tasiga nikoh tuzilganligi haqidagi guvohnomalar tantanali topshirilgan. Bundan tashqari, 2 841 ta holatda turli oilaviy kelishmovchiliklar ortidan ajrim holatlari yuzaga keldi. 2019-yilning mos davriga nisbatan tuzilgan nikohlar soni esa 2020-yilda 891 taga, ajrimlar soni esa 351 taga kamaydi, deb xabar beradi davlat xizmatlari agentligi Fargʻona viloyat boshqarmasi matbuot xizmati.