Fargʻonada Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan 14700 dona kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari musodara qilindi

    Voqea-hodisalar 12 Iyul 2025 704

    Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan bojxona idoralari bilan hamkorlikda Fargʻona viloyatida kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarining noqonuniy aylanmasiga qarshi tezkor tadbirlar oʻtkazildi.

    Qayd etilishicha, Qoʻqon shahrida yashovchi, 1983 va 1993-yillarda tugʻilgan, muqaddam sudlangan 2 nafar fuqaro shaxsiy boylik orttirish maqsadida oʻzaro til biriktirib, oʻzbek-qirgʻiz davlat chegarasining Quvasoy shahri hududidan oʻtuvchi qismida avvaldan kelishilgan holda, Qirgʻiz Respublikasi fuqarosidan 8000 dona “Zardeks” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini qabul qilib olishadi.

    Soʻngra, ushbu dori vositalarini kelgusida sotish maqsadida Qoʻqon shahrida ijaraga olingan xonadonga olib borgan vaqtlarida ushlandi.

    Qoʻqon shahrida kuzatilgan yana bir holatda, mahalliy advokatlik byurosi advokati hamda 1974 va 1984-yillarda tugʻilgan 2 nafar fuqaro oʻzaro til biriktirib, vitamin dori vositalari koʻrinishida qadoqlangan jami 4400 dona “Regapen” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalarini 180 mln soʻmga sotgan vaqtlarida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Taʼkidlash lozimki, mazkur 3 nafar qonunbuzarning barchasi muqaddam sudlangan shaxslar hisoblanadi.

    Boshqa holatda esa Fargʻona-Qoʻqon yoʻnalishida harakatlanayotgan, 1983-y.t., muqaddam Jinoyat Kodeksining 273-moddasi 5-qismi bilan sudlangan shaxs boshqaruvidagi avtomashina Uchkoʻprik tumani hududida toʻxtatildi.

    Xolislar ishtirokida koʻzdan kechirilganda, avtotransport vositasining salon qismida 100 dona “Tropikamid” va 559 dona “Regapen” nomli jami 110 mln soʻmlik kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, tegishli tartibda olindi.

    Tezkor tadbir davom ettirilib, ushbu shaxsga dorilarni sotgan — Fargʻona tumanida yashovchi, 1981-y.t. fuqaro Qoʻshtepa tumanida boshqa xaridorga 1400 dona “Regapen” kuchli taʼsir taʼsir qiluvchi dori vositalarini 2800 AQSH dollariga sotgan vaqtida qoʻlga olindi.

    Xuddi shu yoʻnalishda harakatlanayotgan yana bir avtomashina ham Uchkoʻprik tumani hududida toʻxtatilib, koʻzdan kechirilganda, uning salonida Qoʻqon shahrida yashovchi, muqaddam giyohvandlik vositalari bilan bogʻliq jinoyati uchun sudlangan, 1981-y.t. shaxsga tegishli umumiy qiymati 75 mln soʻmlik 250 dona “Tropikamid” kuchli taʼsir qiluvchi dori vositalari borligi aniqlanib, protsessual tartibda rasmiylashtirib olindi.

    Taʼkidlash lozimki, barcha holatlarda kuchli taʼsir qiluvchi vositalar Qirgʻiz Respublikasidan olib kelingan.

    Hozirda ushbu shaxslarga nisbatan jinoyat ishlari qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi. Tergov harakatlari olib borilmoqda.