Farg'ona viloyati davlat soliq boshqarmasi tashabbusi bilan viloyatning shahar va tumanlarida “Tadbirkorga ko'mak” markazlari faoliyati yo'lga qo'yilmoqda. Markaz faoliyati “Soliqchi-ko'makchi” tamoyili asosida soliq to'lovchilarga yanada sifatli xizmat ko'rsatishni ta'minlashga qaratilgan, deyiladi viloyat hokimligi axborot xizmati xabarida.
Ana shunday markazlar Farg'ona, Marg'ilon, Qo'qon shaharlaridagi markaziy dehqon bozorlarida ham ochildi. Hududlardagi tadbirkorlar soliq sohasiga oid biror muammoni hal etish uchun bevosita davlat soliq inspeksiyasiga bormasdan, o'zlariga har tomonlama qulay bo'lgan “Tadbirkorga ko'mak” markaziga tashrif buyurgan holda masalaga oydinlik kiritishlari mumkin. Albatta, ushbu jarayon tadbirkorning ham vaqti, ham naqdi tejalishiga xizmat qiladi. E'tiborlisi, ushbu markazlarga bir nafardan soliq idorasi xodimi biriktirilgan bo'lib, soliq to'lovchilarga xizmat ko'rsatish uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan.
Soliq to'lovchi uchun eng quvonarlisi, markazlardagi barcha xizmatlar bepul. Bu erda fuqarolarga soliq qonunchiligiga oid so'nggi o'zgarishlarni tushuntirish bilan birga, tadbirkorlarga hisobvaraq-fakturalarni rasmiylashtirish, soliq hisobotlarini yuborish, qulay soliq rejimini tanlash, dastlabki buxgalteriyani yuritish kabi masalalar yuzasidan amaliy yordamlar ko'rsatilmoqda.