Fargʻonada “Tulpor” traktorlari ishlab chiqariladi

    Sanoat 30 Iyun 2025 558

    Quvasoy shahri “Pakana” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi “Qoʻqon” erkin iqtisodiy zonasi filialida "FERGANA TULPOR MACHINERY” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan qishloq xoʻjaligi texnikalarini ishlab chiqarishni tashkil etish loyihasining qurilish ishlari boshlandi.

    Shu munosabat bilan oʻtgan tadbirda viloyat va shahar hokimligi masʼullari, tadbirkorlar, xitoylik investorlar ishtirok etdi.

    Viloyat hokimi Xayrullo Bozorov oʻz soʻzida bir necha oy oldin Xitoyga tashrif davomida mazkur kompaniya rahbariyati bilan muzokaralar olib borilgani, aniq rejalar qilinib, bugun oldinga qoʻyilgan katta maqsadni amalga oshirish boshlanayotganini qayd etdi.

    Oʻzbekiston bilan Xitoy oʻrtasidagi munosabatlar juda yuqori darajada rivojlanmoqda. Ikki davlat rahbarlarining oʻzaro doʻstona, samimiy munosabatlari bu borada muhim asos boʻlib, xitoylik investorlar uchun Oʻzbekistonda katta sharoit va imkoniyatlar berilmoqda.

    Quvasoy shahrida boshlangan navbatdagi loyiha ham ishonchli hamkorlik natijasi sifatida eʼtirof etildi. Yetti gektar maydonda boshlangan loyiha qiymati birinchi bosqichda 30 million dollarni tashkil qiladi. Keyingi bosqichlarda yanada kengayib, uch yilda 300 millionga yetkaziladi.

    Mazkur korxona qoshida keyinchalik ehtiyot qismlar ishlab chiqaruvchi qoʻshimcha korxonalar barpo qilinadi.

    – Bu yerda yirik mashinasozlik majmuasi barpo etiladi.Korxonani tashkil qilish uchun ancha vaqtdan buyon tayyorgarlik qilindi. Xitoylik investorlarimiz bilan birgalikda bunga “Tulpor” degan nom berdik. Bu nomda alohida dizaynga ega qishloq xoʻjaligi texnikalari ishlab chiqariladi. Agrotexnik tadbirlarni ham amalga oshiruvchi traktorlar ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyiladi. Bogʻ oralarida ishlovchi kichik traktorlardan tortib 400 ot kuchiga ega boʻlgan traktorlargacha ishlab chiqarishni reja qilganmiz. Bu texnikalar nafaqat Oʻzbekiston bozorida qolaversa, Markaziy Osiyo, MDH davlatlari, qoʻshni davlatlar bozorlarida ham oʻz oʻrniga ega boʻladi, yaxshi brendga aylanadi degan umiddamiz, – dedi viloyat hokimi.

    Tadbirda xitoylik investorlar ham soʻz olib, yaratilayotgan qulayliklar, imkoniyatlar va koʻmak uchun minnatdorlik bildirdilar.

    Loyiha doirasida 250 ta yangi ish oʻrni yaratiladi. Tamal toshi qoʻyilib, tantanali tarzda korxona poydevori qurilishiga kirishildi. Shu yerda yangi korxonada ishlab chiqarish rejalashtirilayotgan traktorlarning ilk namunalari bilan tanishildi.