Fargʻonada tuman MIB boshligʻi pora bilan ushlandi

    Maʼlumotlarga koʻra, u fuqarolik ishlari boʻyicha sudning ijro varaqasi boʻyicha javobgarlarni xonadondan majburiy tartibda koʻchirib berishni vaʼda qilgan.

    Qayd etilishicha, Fargʻona viloyatidagi tumanlardan birining Majburiy ijro byurosi boshligʻi oʻz xizmat vakolatidan foydalangan holda, boʻysunuvidagi davlat ijrochisi ish yurituvida boʻlgan fuqarolik ishlari boʻyicha sudning ijro varaqasi boʻyicha javobgarlarni ushbu tumandagi xonadondan majburiy tartibda koʻchirish yuzasidan ijro harakatlarini yakunlab berish evaziga 2 ming AQSH dollari talab qiladi.

    Joriy yilning 3-iyun kuni u talab qilingan pul mablagʻidan 1200 AQSH dollarini pora sifatida oladi.

    Davlat xavfsizlik xizmati va Bosh prokuratura huzuridagi Departament hamkorligida oʻtkazilgan tezkor tadbirda, u qolgan 800 AQSH dollarini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

    Mazkur holat yuzasidan MIB mansabdor xodimiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 2-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, qamoq ehtiyot chorasi qoʻllanildi.