Fargʻona viloyati hokimi Xayrullo Bozorov kecha turkiyalik investor, axborot tizimlariga ixtisoslashgan “Streat” kompaniyasi rahbari Zeynep Yildirim bilan uchrashdi.
Uchrashuv chogʻida Fargʻona viloyati avtomobil yoʻllarida Turkiya investitsiyasi hisobiga “Aqlli yoʻl” tizimi joriy etish masalasi muhokama qilindi.
Fargʻona vodiysi viloyatlarida amalga oshirish rejalashtirilayotgan ushbu loyiha uchun 10 million dollar toʻgʻridan toʻgʻri xorijiy investitsiya yoʻnaltirish koʻzda tutilayotganini maʼlum qilgan Zeynep Yildirim, avtotransport oqimini boshqarish hamda yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash borasida ushbu tizim joriy etilgan xorijdagi hududlarda erishilgan ijobiy natijalar haqida maʼlumot berdi.
“Aqlli yoʻl” tizimi yoʻl-transport hodisalarining, jarohat olish va oʻlim holatlarini 90 foizgacha kamaytirish imkonini beradi.
Toʻlaligicha inson omilisiz ishlovchi ushbu tizim, quyosh energiyasi yordamida ishlovchi infraqizil nurlarga ega radarlar hamda kameralar, elektron tablolar bilan jihozlangan boʻlib, kerakli vaziyatlarda hodisa joyiga yoʻl harakati xavfsizligi, tez yordam va favqulodda vaziyatlar boʻlinmalarini avtomatik chaqirish imkoniyati mavjud. Sim kartalar yordamida internetga ulanish imkoniyati hamda elektr tarmogʻi tortish ehtiyoji yoʻqligi, bu tizimni qisqa muddatda istalgan hududda joriy etish imkonini beradi.
Tizim tezlikni oshirish, qizil chiroqda oʻtish, qoidani buzgan holda quvib oʻtish, kamarsiz harakatlanish, qoidaga gʻilof ravishda burilish, yoʻl qatnov qismining piyodalar kesib oʻtishi uchun moʻljallangan qismida qoidaga amal qilmaslik va boshqa koʻplab holatlarda muayyan hududda yoki yoʻl qismida toʻla nazoratni taʼminlaydi.
Uchrashuvda Fargʻona viloyatida “Aqlli yoʻl” tizimi joriy etiladigan hududlarni belgilash yuzasidan hamkorlikda ish tashkil etish hamda yaqin muddatda loyihani amalga oshirishga kirishish yuzasidan kelishuv imzolashga kelishib olindi.