Unda viloyat hokimi oʻrinbosarlari Muhsinxoʻja Abdurahmonov, Fayzullo Qosimov, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi Fargʻona viloyati boʻlimi rahbari Sayyora Alimova, Vebster universiteti prezidenti Juliyan Shuster, innovatsiyalar boʻyicha direktor va talabalarni qabul qilish boʻyicha vitse-prezident John Pyle, Ed.D, Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi xodimlari va boshqa masʼullar ishtirok etdi.

Bugungi kunda hududlarda oliy maʼlumotga ega boʻlgan malakali mutaxassislarga ehtiyoj yuqori. Xususan, viloyatda 10 ta oliy oʻquv yurti faoliyat koʻrsatayotgan boʻlib, oʻtgan davrda Janubiy Koreya, Latviya bilan hamkorlikda universitetlar tashkil etildi. Taʼlim sohasida rivojlangan davlatlar bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyish, sohaga investitsiyalarni jalb etish hamda ilgʻor pedagogik texnologiyalarni tadbiq qilish boʻyicha tizimli ishlar davom etmoqda. Mazkur onlayn muloqotda bu boradagi ishlar taʼkidlanib, Vebster universitetining taʼlimdagi yutuqlari eʼtirof etildi.

Vebster universiteti AQSHning nufuzli oliy taʼlim muassasalaridan biri boʻlib, uning koʻplab davlatlarda 60 dan ortiq filiallari bor. Xususan, oʻtgan yil Markaziy Osiyodagi filiali - Toshkent shahridagi taʼlim dasturlarini amalga oshirish markazi ochildi va bu yerda bakalavriatning asosiy 14 ta taʼlim yoʻnalishlari hamda 16 ta magistratura mutaxassisliklarida kadrlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi.

Vebster universiteti prezidenti Juliyan Shuster Fargʻona viloyatida universitet filialini ochish hamda sifatli taʼlim tizimini amalga oshirish taklifini bildirdi. Muloqotda universitetning taʼlim dasturlari, bakalavriat bosqichi va magistraturaning asosiy yoʻnalishlari haqida maʼlumot berildi.

Viloyat hokimi oʻrinbosari M.Abdurahmonov Fargʻonaning geografik joylashuvi, iqtisodi, taʼlim tizimi haqida maʼlumot berdi.

- Viloyatimiz oliygohlar soni boʻyicha Respublikada Toshkent shahridan keyin 2-oʻrinni egallaydi, -deydi viloyat hokimi oʻrinbosari. - Shu holatda ham ular soni yillik oʻqishga topshiruvchi talabalar soniga nisbatan mutanosib emas. Viloyatda asosan IT va IT muhandisligi, grafik dizayn, zamonaviy dastgohlar bilan ishlovchi malakali mutaxassislarga ehtiyoj baland. Shu bois aynan shu boradagi Vebster universitetining malakali professorlari xalqaro tajribasini viloyatimizda qoʻllash maqsadga muvofiq boʻlardi. Viloyat hokimligi universitet filialini tashkil etishda bino, yer maydoni va dastlabki sarmoya sifatida mablagʻ ajratilishida koʻmakka tayyor.

Muloqotda har ikki tomonni qiziqtirgan masalalar oʻrtaga tashlanib, hamkorlikni yoʻlga qoʻyishga kelishib olindi. Filialni ochish boʻyicha dastur ishlab chiqiladi.

Fargʻona viloyati hokimligi

matbuot xizmati