BMT Bosh Assambleyasining 2011-yil 19-dekabrdagi rezolyutsiyasiga asosan, 11-oktyabr — “Xalqaro qizlar kuni” deb eʼlon qilingan. Bu sana har yili jahon boʻylab turli davlatlarda qizlarning kamsitilishi, ularning ijtimoiy muammolariga eʼtibor qaratish maqsadida nishonlanib kelinmoqda.
BMTga aʼzo davlatlar, xalqaro tashkilotlar, fuqarolik jamiyatining turli tuzilmalariga ushbu kunni keng miqyosda nishonlash, shuningdek, butun dunyoda qizlarning hayot tarzi, yashash sharoitlari, huquq va erkinliklari bilan bogʻliq holatlarni oʻrganish tavsiya etiladi.
“Ayni jihatlardan kelib chiqib, Fargʻonada 11-oktyabrdan “Qizlar haftaligi” boshlandi. Haftalik doirasida joylarda turli tadbirlar oʻtkaziladi”, — dedi viloyat mahalla va oilani qoʻllab-quvvatlash boshqarmasi boshligʻining birinchi oʻrinbosari Toʻlqinoy Tojiyeva.
Tadbirda bir guruh faol, tashabbuskor qizlar taqdirlandi. “Yoshlar daftari”ga kiritilgan qizlarga tikuv mashinalari berildi. Oliy oʻquv yurtlarida tahsil olayotgan qizlarning shartnoma toʻlovlari uchun sertifikatlar topshirildi, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.
Yakunda viloyatimizda faoliyat olib borayotgan taniqli sanʼatkorlar ishtirokida konsert dasturi tashkil etildi. Kuy-qoʻshiqlar oʻyin-kulgilar bilan davom etdi.