Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali tadbirda viloyat hokimi Xayrullo Bozorov, shahar sektorlari rahbarlari, senatorlar, viloyat sogʻliqni saqlash tizimi masʼullari va keng jamoatchilik vakillari qatnashdilar.

Dastlab keksa nuroniylar, imom-xatiblar ishtirokida ezgu niyatlar qilinib, duoga qoʻl ochildi.

Tadbirda soʻz olganlar ushbu tibbiyot maskanida tugʻilajak farzandlar kelajakda yurtimizga, xalqimizga, vatanimizga xizmat qiladigan, sogʻlom, barkamol, vatanparvar yigit va qizlar boʻlishsin deb tilak bildirdilar.

“Ona va bola sogʻligʻiga eʼtibor – jamiyatga, kelajakka eʼtibor” tamoyili asosida mamlakatimizda soʻnggi 4-5 yilda tibbiy xizmat sifatini oshirish yoʻlida katta ishlar amalga oshirilyapti. Yangi obyekt qurilishiga byudjetdan 20 milliard soʻm mablagʻ ajratib berilgan. Bu, shubhasiz, reproduktiv yoshdagi ayollar, homiladorlar va bolalarga koʻrsatiladigan yordam sifatini oshirish va koʻlamini yanada kengaytirishga xizmat qiladi. Qisqa muddatda tugʻruq boʻlimining 1958-yilda qurilgan 80 oʻrinli eski binosi buzib tashlanib, barcha imkoniyatlarga ega boʻlgan yangi tugʻruqxona foydalanishga topshirilyapti, — dedi majmuaning ochilish marosimiga bagʻishlangan tadbirda viloyat hokimi.

Fargʻona viloyatiga birinchi bosqichda keltirilgan, Jizzax avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan 10 ta A toifali “Volkswagen Caddy” tez tibbiy yordam avtomashinalari shahar va tumanlar tibbiyot birlashmalariga topshirildi.

Shundan soʻng viloyat faollari ishtirokida ramziy tasma qirqilib, mehmonlar shahardagi 80 ming nafar tugʻruq yoshidagi ayollar uchun xizmat koʻrsatadigan tugʻruq kompleksida yaratilgan shart-sharoitlar bilan tanishdilar, deb xabar beradi Fargʻona viloyat hokimligi matbuot xizmati.