Joriy yilning 17-dekabr soat 13:45 larda Fargʻona shahar, Yangiyoʻl mahallasidagi “Petrolium” propan gaz quyish shoxobchasida portlash va yongʻin sodir boʻlgani haqida xabar bergan edik. Mazkur holatga 5 m/kub sigʻimli konteynerga gaz quyish jarayonida yoriq kelib chiqib, gaz moddasi tashqariga sizib chiqishi sabab boʻlgan.
Oqibatida 1 nafar fuqaro voqea joyida halok boʻlgan, shu hududda boʻlgan bir nechta fuqarolar turli darajada tan jarohati olib, shifoxonaga yotqizilgandi. Maʼlum qilinicha, koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramasdan ulardan 3 nafari shifoxonada vafot etgan.
Fargʻona viloyat IIB tomonidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi 3-qismi “a” bandi hamda 259-moddasi 3-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatildi.
Hozirgi kunda jinoyat ishi doirasida 5 nafar shaxs protsessual tartibda qamoqqa olingan.
Holat yuzasidan tegishli ekspertizalar tayinlangan boʻlib, tergov harakatlari olib borilmoqda.