IIV huzuridagi Tergov departamenti maʼlumotiga koʻra, janjal oqibatida bosh hakamda yuz qismi lat yeyish va tanasining shilinmalari, yordamchi hakamlarda esa tanaga turli koʻrinishdagi jarohatlar yetkazilganligi aniqlangan.
“Mazkur holat yuzasidan Fargʻona shahar IIO FMB huzuridagi Tergov boʻlimi tomonidan JKning 277-moddasi 3-qismi «v” (ommaviy tadbirlar oʻtkazilayotgan vaqtda sodir etilgan bezorilik ) bandi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilib, tergov harakatlari oʻtkazilmoqda.
Hozirda, jinoyat ishi doirasida 6 nafar shaxs gumonlanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb qilingan boʻlib yana 2 nafar fuqaroning shaxsini aniqlash choralari koʻrilmoqda.
Bundan tashqari, yana 5 nafar fuqaroga nisbatan Oʻzbekiston Respublikasi MJtKning 183-moddasida (mayda bezorilik) koʻrsatilgan huquqbuzarliklarni sodir etganliklari uchun, tegishli tartibda hujjatlar rasmiylashtirilgan.
Tergov harakatlari davom etmoqda hamda tartibbuzarlik sodir qilgan barcha shaxslarni qonun oldida javob berilishi taʼminlanadi», deyiladi Tergov departamenti bayonotida.
Eslatib oʻtamiz, “Neftchi” va “Turon” uchrashuvi tugaganidan keyin “Neftchi” futbolchilari va muxlislar hakamlarga hujum qildi. Vaziyatlarning birida fargʻonaliklar oʻyinchisi uchrashuv bosh hakami Shavkat Nasibullayevga oyoq bilan zarba bergan. Keyinchalik hakamni tepgan futbolchi 98-raqamli Jamshid Toʻraqulov ekanligi maʼlum boʻldi.
Bosh hakam Shavkat Nasibullayevda yuz qismi lat yeyish va tanasining shilinmalari, yordamchi hakamlar Rishat Nugmanov va Doniyor Saylavovda esa tanaga turli koʻrinishdagi jarohatlar aniqlangan.
Maʼlumot uchun, ushbu bahsdagi gʻalaba evaziga “Turon” oʻz tarixida ilk marta Superligaga yoʻllanma olgan boʻlsa, pley-offda toʻp surishi lozim boʻlgan “Neftchi”ning keyingi taqdiri haqida OʻFA va PFL rasmiy bayonot berishi kutilmoqda.